O‘zbekistonda olis hududlar uchun klinikalarga $200 mln imtiyozli kredit ajratiladi

Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislarga ijtimoiy soliqni 1% etib belgilash rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda olis hududlar uchun klinikalarga $200 mln imtiyozli kredit ajratiladi

O‘zbekistonda olis hududlarda yangi klinikalar ochish uchun $200 mlnlik imtiyozli kredit resursi ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident rahbarligidagi 1-may kungi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, har bir loyiha uchun 10 yilgacha muddatga $10 mlndan kredit berish, asosiy stavkaning 50% qismi uchun kompensatsiya mexanizmini qoʻllash nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislarga ijtimoiy soliqni 1% etib belgilash, tibbiy uskuna va butlovchi qismlar boʻyicha bojxona imtiyozlari berish kabi yengilliklar taklif etildi.

Taqdimotda sohaga investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi ham koʻrib chiqildi. Buning uchun Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligini tashkil etish, investorlarga konsalting va amaliy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini professional asosda shakllantirish va ilgari surish mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Xususan, agentlikka sohaga toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish, investitsiya va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga koʻmaklashish, davlat tibbiyot tashkilotlarini boshqaruvga berish vakolati beriladi hamda agentlik taʼsischiligida investitsiya loyihalarini shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda koʻmaklashuvchi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Health Invest” kompaniyasi tashkil etiladi.

Xorijiy ekspertlar bilan birgalikda davlat tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida transformatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Shuningdek, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va ishga tushirishga oid shaharsozlik hamda sanitariya qoida va meʼyorlari qayta koʻrib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtirilishi belgilandi. Davlat rahbari takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistondagi 34 ta turizm obyektining master-rejalari ishlab chiqiladi
/
O‘zbekistondagi 34 ta turizm obyektining master-rejalari ishlab chiqiladi
“Toshkent” Respublika fond birjasi aksiya chiqarish orqali ustav fondini oshiradi
/
“Toshkent” Respublika fond birjasi aksiya chiqarish orqali ustav fondini oshiradi
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi yana o‘sishni boshladi