Obod xonadon va namunali mahallalar uchun soliq imtiyozlari beriladi

Shuningdek, davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich mahalla darajasiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda

Obod xonadon va namunali mahallalar uchun soliq imtiyozlari beriladi

Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” e’lon qilindi. Bu haqda 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, viloyat hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda hududiy tashkilotlar rahbarlari tumanlarga, tuman darajasidagi mas’ul xodimlar esa alohida mahallalarga biriktiriladi.

Oylik davomida hududlarda keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bu jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun bosh vazir rahbarligida respublika shtabi tashkil etiladi, hududiy shtablarga esa hokimlar boshchilik qiladi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur ishlar faqat bir oylik aksiya bilan cheklanib qolmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning topshirig‘iga ko‘ra, bu tashabbus yil davomida davom etadigan umummilliy harakatga aylantiriladi.

2026-yilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida nishonlanadi. Prezidentning ta’kidlashicha, islohotlar natijasi, eng avvalo, mahallalarda ko‘zga tashlanishi va odamlar kayfiyatida o‘z aksini topishi lozim.

Obodonlashtirish ishlari uchun soliq imtiyozlari beriladi

Yil yakuniga ko‘ra mamlakatda “Eng orasta xonadon”, “Eng fayzli hovli”, “Eng obod ko‘cha” va “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanadi.

Tanlovda g‘olib bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartira egalariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi. Hovli-joylar egalari esa yer solig‘i bo‘yicha imtiyozga ega bo‘ladi.

Shuningdek, samarali tajribalarni joriy etgan “mahalla yettiligi” ham rag‘batlantiriladi. Ularning ish uslublari boshqa hududlarda ham namuna sifatida ommalashtirilishi rejalashtirilgan.

Yo‘llar bo‘yidagi hududlar “namunaviy ko‘rinish”ga keltiriladi

Hududlarda temiryo‘llar bo‘yidagi yerlarni obodonlashtirish ishlari allaqachon boshlangan. Birgina Toshkent — Xiva temiryo‘l yo‘nalishi bo‘ylab 285 ta mahalla joylashgan bo‘lib, mazkur tarmoq 45 ta tuman hududidan o‘tadi.Prezident viloyat hokimlariga bir hafta muddatda o‘z hududidan o‘tuvchi magistral avtomobil va temiryo‘llar, shuningdek, ular atrofidagi turar joy va tijorat obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazishni topshirdi.

Shundan so‘ng ikki hafta ichida mazkur hududlarni namunali qiyofaga keltirish bo‘yicha keng qamrovli dasturlar ishlab chiqilib, amaliy natijalarga erishish topshirildi.

Davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallalarga o‘tkaziladi

Yig‘ilishda prezident davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich mahalla darajasiga o‘tkazish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi. Hozirda “mahalla yettiligi” orqali aholiga qariyb 100 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

Mahalla — xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal bo‘lishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Namangan viloyatining Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida tashkil etilgan axborot va xizmat markazi bu borada namuna sifatida ko‘rsatildi. Markaz orqali atrofdagi sakkizta olis mahalla aholisiga bir joyning o‘zida 980 turdagi davlat xizmati taqdim etilmoqda.

Xuddi shunday axborot va xizmat markazi Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida ham Vengriyaning “aqlli qishloq” modeli asosida tashkil etilmoqda.

Yil yakuniga qadar Norin va Xovos tumanlari tajribasini Qo‘ng‘irot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qo‘shrabot, Tuproqqal’a, G‘ijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq hamda Ohangaron tumanlarida joriy etish topshirildi.

Shuningdek, Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida yo‘lga qo‘yilgan “aqlli mahalla” tajribasi ham mamlakatning har bir viloyatidagi 10 tadan mahallaga tatbiq etiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Poytaxt Parking XDP tanqidiga javob berdi: Jarimalar bizning vakolatimizga kirmaydi
/
Poytaxt Parking XDP tanqidiga javob berdi: Jarimalar bizning vakolatimizga kirmaydi
ITIM O‘zbekistondagi eng faol banklar reytingini e’lon qildi
/
ITIM O‘zbekistondagi eng faol banklar reytingini e’lon qildi
Markaziy bank huzurida Islom moliyasi kengashi tashkil etildi
/
Markaziy bank huzurida Islom moliyasi kengashi tashkil etildi