Poytaxt Parking XDP tanqidiga javob berdi: Jarimalar bizning vakolatimizga kirmaydi

Kompaniya ma’muriy javobgarlik masalasi faqat davlat organlari vakolatiga kirishini ta’kidlagan

Poytaxt Parking XDP tanqidiga javob berdi: Jarimalar bizning vakolatimizga kirmaydi

Poytaxt Parking Toshkentdagi pulli avtoturargohlar uchun jarima joriy etilishiga qarshi chiqqan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) bayonotiga munosabat bildirdi.

Operatorning ta’kidlashicha, shahar hududlari, yo‘l chetlari va avtoturargohlar davlat mulki hisoblanadi. Poytaxt Parking esa ushbu infratuzilmaga egalik qilmaydi, balki Toshkent shahri bilan tuzilgan shartnoma asosida pulli avtoturargohlarni tashkil etish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya yo‘l chiziqlarini chizish, texnik infratuzilmani yaratish, to‘lov tizimlarini joriy etish va parkovkalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uning asosiy vazifasi ekanini bildirdi.

Operator, shuningdek, ma’muriy jarimalarni qo‘llash yoki undirish vakolatiga ega emasligini alohida ta’kidladi.

Poytaxt Parking ma’muriy jarimalarni qo‘llamaydi va undirmaydi. Ma’muriy javobgarlikni joriy etish davlat organlarining mutlaq vakolati bo‘lib, bu jamoatchilik muhokamasi predmetidir, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Kompaniya tegishli qonun loyihasining tashabbuskori emasligi va jazo choralarini qo‘llash jarayonida ishtirok etmasligini ham qayd etdi.

Poytaxt Parking o‘z faoliyati pulli parkovkalardan tushgan mablag‘larni yig‘ish va ularni shartnomada belgilangan tartibda shahar budjetiga o‘tkazishni ta’minlashdan iboratligini bildirdi. Operatorga ko‘ra, ushbu tushumlar ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish manbalaridan biri hisoblanadi.

Bu yerda xususiy manfaat emas, balki shahar budjetini to‘ldirish va ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga xizmat qiladigan mexanizm haqida gap ketmoqda, — deyiladi bayonotda.

Kompaniya XDP tomonidan ko‘tarilgan shaffoflik masalasini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, foydalanuvchilar soni, yig‘ilgan to‘lovlar hajmi, budjetga o‘tkazilgan mablag‘lar hamda shartnoma majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha ma’lumotlarni ochiqlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, operatorning ta’kidlashicha, uning asosiy maqsadi haydovchilarni jazolash emas, balki shahar transport tizimida tartib va qulaylik yaratishdir. Bunga qulay to‘lov usullari, aniq tariflar, ishlaydigan navigatsiya tizimi va sifatli servis orqali erishish ko‘zda tutilgan. Kompaniya fikricha, pulli parkovkalar tizimi markaziy ko‘chalardagi tirbandlik va tartibsiz to‘xtashlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Bayonot yakunida Poytaxt Parking XDP va jamoatchilik bilan ochiq muloqot qilish, zarur ma’lumotlarni taqdim etish hamda poytaxt aholisi manfaatlari yo‘lida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

ITIM O‘zbekistondagi eng faol banklar reytingini e’lon qildi
/
ITIM O‘zbekistondagi eng faol banklar reytingini e’lon qildi
Markaziy bank huzurida Islom moliyasi kengashi tashkil etildi
/
Markaziy bank huzurida Islom moliyasi kengashi tashkil etildi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun oshmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun oshmoqda