Markaziy bank huzurida Islom moliyasi kengashi tashkil etildi
Yangi organ banklar va mikromoliya tashkilotlari uchun islom moliyasi standartlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi
Foto: Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki huzurida mamlakatda islom moliyasi tizimini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi maxsus kengash tashkil etildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kengash kollegial organ sifatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalari qatoriga xalqaro va mahalliy tajriba asosida milliy standartlarni ishlab chiqish, nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlarga maslahat berish kiradi. Shuningdek, kengash Markaziy bank manfaatlarini Islom moliyasi bo‘yicha buxgalteriya va audit standartlarini ishlab chiquvchi xalqaro tashkilot — AAOIFIda ifodalaydi.
Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis kiritilgan. Ulardan to‘rt nafari islom huquqi bo‘yicha ekspert, bir nafari esa islom moliyasi sohasidagi texnik mutaxassis hisoblanadi.
Kengash raisi etib Musulmonlar idorasi huzuridagi Fatvo markazi bosh eksperti Saidjamol Masayitov, rais o‘rinbosari etib esa ushbu markaz vakili Muhammadayubxon Homidov tayinlandi.
Shuningdek, Fatvo markazi xodimlari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov, shuningdek, Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Ahrorjon Sadullayev kengash a’zolari etib tasdiqlandi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, kengash a’zolarining aksariyati Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi, uzoq yillik tajribaga ega hamda AAOIFI sertifikatlariga ega mutaxassislardir. Texnik ekspert Ahrorjon Sadullayev esa iqtisodiyot sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, Markaziy bank, tijorat banklari hamda KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton kabi xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
Kengash o‘z faoliyati yakunlari bo‘yicha har yili Markaziy bank boshqaruviga hisobot taqdim etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ