Mahallalardagi ijtimoiy loyihalar uchun 240 mlrd so‘mlik jamg‘arma tashkil etiladi
Mahalla raislariga bo‘sh yerlarni auksionga chiqarish va “mahalla yettiligi” faoliyatini tasdiqlash vakolati beriladi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning vakolatlarini kengaytirish va hududlardagi muammolarni tezkor hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, joriy yilda tumanlar infratuzilmasini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun har bir tumanga o‘rtacha 250 mlrd so‘m, mahallalarga esa 5,5 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratilgan. Hokimlar va mahalla raislarining daromadlarni oshirish bo‘yicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududlarda qoladigan qo‘shimcha mablag‘lar hajmi ikki barobarga oshgan. Natijada tumanlarda o‘rtacha 22 mlrd so‘m, mahallalar budjetida esa 150–200 mln so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ shakllangan.
Shunga qaramay, ayrim hududlarda tashabbuskorlik yetarli emasligi ta’kidlandi. Yil boshidan buyon 87 ta mahalladan Xalq qabulxonalariga 200 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu esa joylardagi muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatadi.
Muammolarning asosiy sabablari sifatida hududlarda master-rejalar yo‘qligi, bo‘sh yer uchastkalari va binolardan samarali foydalanilmayotgani, shuningdek, yuqori turuvchi idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilmayotgani qayd etildi. Bundan tashqari, “Tashabbusli budjet” dasturi doirasida joriy yilda 7,5 trln so‘m ajratilganiga qaramay, 2 136 ta mahallada birorta ham loyiha amalga oshirilmagan.
Yig‘ilishda bandlik masalalari ham muhokama qilindi. So‘nggi olti oyda banklar 18,5 trln so‘m mablag‘ hisobidan kichik loyihalarni moliyalashtirgan. Natijada 110 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 259 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan. Biroq 47 ta mahallada atigi ikkitadan loyiha amalga oshirilgani qayd etildi.
Prezident yangi yondashuv sifatida mahalla raislarining vakolatlarini kengaytirishni taklif qildi. Jumladan, “Yangi Quva” mahallasida rais ishsiz fuqarolar uchun loyihalarni tashkil etishni mahalliy bank vakiliga bevosita topshiradi. Shuningdek, mahallalarda bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiy bog‘cha, klinika yoki sport inshootlari qurish uchun auksionga chiqarish huquqi ham mahalla raislariga beriladi.
Ijtimoiy muammolarni hal etish va obodonlashtirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshiriladigan har bir loyiha uchun 10 mln so‘mgacha grant ajratilishi belgilandi. Bu maqsadlar uchun jami 240 mlrd so‘mlik jamg‘arma shakllantiriladi.
Endilikda mahalla raislari o‘z hududidagi yordamchi hokim, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va bank vakilining haftalik hamda oylik ish rejalarini tasdiqlaydi va ularning ijrosini nazorat qiladi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi. Institut mahallalarda ishlovchi mutaxassislarni tayyorlash va hududlardagi dolzarb muammolar bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ