Valyutadagi obligatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi banklar tayinlandi
Ipak Yo‘li Bank mahalliy emitentlar, Asia Alliance Bank esa xorijiy kompaniyalar qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha bank-agent etib belgilandi
Фото: Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysi (MQQD) xorijiy valyutada nominallangan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi banklarni tanladi.
Mazkur qaror prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida respublika banklari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra qabul qilindi.
Kompleks baholash natijalariga ko‘ra, xorijiy valyutada chiqarilgan mahalliy emitentlarning korporativ obligatsiyalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bank-agent maqomi Ipak Yo‘li Bankga berildi. Mazkur bank orqali ushbu obligatsiyalarni joylashtirish, muomalaga chiqarish va so‘ndirish bilan bog‘liq hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Shuningdek, Asia Alliance Bank O‘zbekiston norezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank-agent etib tanlandi.
MQQD ma’lumotiga ko‘ra, depozitariyning axborot tizimlari Ipak Yo‘li Bank bilan integratsiya qilinib bo‘lgan va hozirda sinov ishlari olib borilmoqda. Sinovlar yakunlangach, infratuzilma kapital bozoridagi “Regulyator qum qutisi” maxsus huquqiy rejimi doirasida chiqarilgan valyutadagi korporativ obligatsiyalar bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Asia Alliance Bank bilan axborot tizimlarini integratsiya qilish ishlari esa davom etmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi hisob-kitoblar qachon ishga tushirilishi texnik ishlar yakunlangach e’lon qilinadi.
Bank-agentlar valyutadagi obligatsiyalar muomalasi infratuzilmasining majburiy elementi hisoblanadi. Ularning muomalasi bo‘yicha nizom Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan “Regulyator qum qutisi” rejimi doirasida tasdiqlangan.
Mazkur obligatsiyalar xorijiy valyutada nominal qiymat va kupon daromadi bilan chiqarilishi mumkin. Bitta emissiyaning maksimal hajmi $50 mln ekvivalentidan oshmasligi belgilangan.
Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, valyutadagi obligatsiyalarni jismoniy shaxslar ham sotib olishi mumkin. Biroq hisob-kitoblar faqat bank tizimi va investitsiya vositachilari orqali amalga oshiriladi. Hujjatda, shuningdek, emitentlarning moliyaviy barqarorligi, axborotni oshkor qilish tartibi hamda emissiyalarni ta’minlash bo‘yicha talablar ham belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ