NKMKning sof tushumi yarim yilda qariyb 50% ga oshdi
Kompaniya daromadi $7,07 mlrdga, sof foydasi esa $2,38 mlrdga yetdi
Фото: НГМК
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 2026-yilning birinchi yarmi uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Kompaniya hisobot davrida $7,07 mlrd sof tushum olgan. Bu 2025-yilning mos davridagi $4,71 mlrdga nisbatan 49,9% ko‘p.
Daromadning o‘sishi asosan jahon bozorida oltin narxining oshishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, kompaniyada oltin ishlab chiqarish hajmi 1,8% ga kamaygan.
2026-yilning dastlabki olti oyida 1,51 mln troy unsiya oltin ishlab chiqarilgan. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,54 mln troy unsiyani tashkil etgan.
Oltin narxining yuqoriligi ishlab chiqarish hajmidagi pasayishni qoplab, kompaniyaning moliyaviy natijalarini sezilarli yaxshilagan. Natijada NKMKning sof foydasi $2,38 mlrdga yetgan va bir yil ichida 57,2% ga oshgan.
Bir unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxi $1 647 ga yetdi
NKMKda bir unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxi ham sezilarli oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida ushbu ko‘rsatkich $1 647 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning mos davrida $1 164 bo‘lgan.
Kompaniya tannarxning oshishiga bir qator omillar ta’sir qilganini bildirgan. Jumladan, oltin narxining yuqoriligi royalti, ya’ni yer qa’ridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan soliqlar hajmining oshishiga olib kelgan. Ushbu omil tannarx o‘sishining 31% ini tashkil etgan.
Bundan tashqari, inflyatsiya sarflanadigan materiallar qiymatining oshishiga ta’sir qilgan. “Muruntov” konida amalga oshirilayotgan investitsion loyiha xarajatlarining ko‘payishi ham ishlab chiqarish tannarxiga bosim qilgan.
So‘mning mustahkamlanishi tannarxni yana $101 ga oshirdi
Hisobotda o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi ham tannarxga ta’sir qilgani qayd etilgan. Olti oy davomida milliy valuta 6,1% ga mustahkamlangan.
NKMK hisob-kitoblariga ko‘ra, bu omil bir unsiya oltin ishlab chiqarish tannarxini $101 ga oshirgan. Valuta kursidagi o‘zgarish tannarxning umumiy o‘sishining 8,7% ini tashkil etgan.
Shunga qaramay, jahon bozorida oltin narxining yuqoriligi kompaniyaning moliyaviy natijalari o‘sishini ta’minlagan.
NKMKning asosiy aktivlaridan biri “Muruntov” koni bo‘lib, uning resurs bazasi 100 mln troy unsiyadan ortiq deb baholanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ