NKMK 2026-yilning birinchi choragida 737 ming unsiya oltin ishlab chiqardi

Ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan bo‘lsa-da, daromad 58% dan ortiq o‘sgan

NKMK 2026-yilning birinchi choragida 737 ming unsiya oltin ishlab chiqardi

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha operatsion natijalarini e’lon qildi. Bu haqda korxona matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hisobot davrida oltin ishlab chiqarish hajmi 737 ming troya unsiyani tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,19 foizga kamaydi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 753,5 ming unsiyani tashkil etgan edi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishning qiymat ifodasidagi hajmi sezilarli oshib, 27,79 trln so‘mdan 44 trln so‘mga yetdi (+58,3%).

Investitsiya dasturi doirasida korxona $110,5 mln mablag‘ni o‘zlashtirdi (-6,6%) va 891 ta yangi ish o‘rni yaratdi (+27,8%). Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 353,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi (+1%), sanoat kooperatsiyasi doirasida esa 2 trln so‘mlik mahsulot xarid qilindi (+16,5%).

2026-yilda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Xususan, “Muruntau” karyerining V navbati II bosqichi bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, yanvar–mart oylarida 48,6 mln kub metr tog‘ massasi qazib olindi. Shuningdek, kon hududida siklik-oqimli texnologiya asosida konveyer liniyalari qurilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, “Kokpatos” va “Dovg‘iztau” konlarida rudani qazib olish loyihasi doirasida gidrometallurgiya zavodi №3 da yiliga 700 ming tonna oltinli rudani qayta ishlash quvvatiga ega yangi maydalash tegirmoni ishga tushirildi. Zavodda chiqindi saqlash inshootlari qurilishi ham davom etmoqda.

Yana bir loyiha — gidrometallurgiya zavodi №7 quvvatlarini kengaytirish ishlari davom etmoqda. U to‘liq ishga tushirilgach, korxonaning yillik qayta ishlash hajmini 25 mln tonnagacha yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, gidrometallurgiya zavodi №2 da modernizatsiya ishlari olib borilib, maydalash sexi kengaytirilmoqda, yangi tegirmon bloki o‘rnatilmoqda hamda qo‘shimcha 30 ta sorbsiya uskunasi qurilmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qoraqalpog‘istonda kriptomayning uchun maxsus zona tashkil etiladi
/
Qoraqalpog‘istonda kriptomayning uchun maxsus zona tashkil etiladi
O‘zbekistonda dollar kursi 12 100 so‘mdan pastga tushdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi 12 100 so‘mdan pastga tushdi
O‘zbekistonda soliqdan bo‘yin tovlash uchun jazolar kuchaytirildi
/
O‘zbekistonda soliqdan bo‘yin tovlash uchun jazolar kuchaytirildi