Nizomiy universitetining yana ikkita binosi auksionga qo‘yildi
Xaridorlar obyektlar negizida nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etishi shart, savdolar 20-iyuldan boshlanadi
Foto: E-auksion
Toshkent shahridagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetiga qarashli yana ikkita o‘quv binosi elektron auksionga chiqarildi. Tegishli lotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan E-auksion platformasiga joylashtirildi.
Savdoga qo‘yilgan obyektlardan biri Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasi 2-tor ko‘cha, 5A-uy manzilida joylashgan Tabiiy fanlar fakulteti binosidir. Obyekt 2,24 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, bino va inshootlarning umumiy maydoni 6 224 kvadrat metrni tashkil etadi.
Mazkur lotning boshlang‘ich narxi 325,86 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksionda qatnashish uchun 9,77 mlrd so‘m (obyekt qiymatining 3%i) miqdorida zakalat puli to‘lanishi lozim. Savdolarning birinchi qadami 325,86 mln so‘mni tashkil etadi.

Shartlarga ko‘ra, obyekt 2027-yil 31-dekabrgacha bo‘shatilishi kerak. Biroq bu muddat Nizomiy universitetining Yangi Toshkentdagi kampusi foydalanishga topshirilish vaqtiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Bundan tashqari, xaridor obyekt negizida shaharsozlik normalariga rioya qilgan holda nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishi va ushbu faoliyatni saqlab qolishi shart.
Savdoga chiqarilgan ikkinchi obyekt Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi, 105-uy manzilida joylashgan Filologiya fakulteti binosi hisoblanadi.
Mazkur lotning boshlang‘ich narxi 141,14 mlrd so‘mni tashkil etadi. Zakalat puli 4,23 mlrd so‘m, auksionning birinchi qadami esa 7,057 mlrd so‘m etib belgilangan.
Obyekt 0,52 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, to‘rt qavatli binoning umumiy maydoni 8 232 kvadrat metrni tashkil qiladi.
Ushbu obyekt bo‘yicha ham xaridor nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etishi majburiy hisoblanadi. Bino 2027-yil 31-dekabrgacha, universitetning Yangi Toshkentdagi kampusi foydalanishga topshirilishiga qarab bo‘shatilishi rejalashtirilgan.
Har ikki obyekt barcha zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan. Lotlar bo‘yicha elektron savdolar 20-iyul kuni boshlanadi.


Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ