Namangan viloyatida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga 6,5 trln so‘m yo‘naltiriladi
Joriy yilda mashinasozlik, metallurgiya va yengil sanoatni rivojlantirish hisobiga YaIM 9,2% ga o‘sishi kutilmoqda
Фото: пресс-служба президента
Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbari Namangan shahrida ishga tushirilgan yangi situatsion markaz faoliyati bilan tanishdi. Mazkur platforma shahar hayotidagi jarayonlarni monitoring qilish, tezkor boshqaruv va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Norin tumanining Yangi Namangan mahallasida axborot-servis markazi tashkil etiladi. Markaz sakkizta mahallada yashovchi 27 ming nafar aholiga “yagona darcha” tamoyili asosida 980 turdagi xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Uning ma’lumotlar bazasiga bandlik, soliqlar, ijtimoiy himoya, ta’lim va jinoyatchilik darajasi haqidagi ma’lumotlar integratsiya qilinadi.
Profilaktika inspektorlari faoliyatidagi 18 ta ish jarayoni raqamlashtirilgan. Xodimlar zamonaviy bodikamera va planshetlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri situatsion markazga ulangan.
So‘nggi yillarda viloyatning sanoat ishlab chiqarishi hajmi 4,6 trln so‘mdan 40 trln so‘mga yetgan. Joriy yilda hudud yalpi mahsulotining 9,2 foizga, sanoatning 9 foizga, xizmatlar sohasining 17 foizga va qishloq xo‘jaligining 6,8 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bunda asosiy e’tibor metallurgiya, mashinasozlik, yengil sanoat va “yangi iqtisodiyot” yo‘nalishlariga qaratiladi.
1-sentabrgacha 14 ta tahliliy markaz viloyatning shahar va tumanlarida iqtisodiy diagnostika o‘tkazib, qo‘shimcha o‘sish zaxiralarini aniqlaydi. Ularning xulosalari asosida korxonalar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha yangilangan dastur ishlab chiqiladi.
Hudud biznes infratuzilmasini rivojlantirish uchun davlat budjetidan 4,5 trln so‘m ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa qo‘shimcha 6,5 trln so‘m resurs yo‘naltiriladi.
Yil yakunigacha mahalliy hokimliklar 80 ming nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlashi, 314 ming kishining daromadini oshirishi va 21 ming oilani kambag‘allikdan chiqarishi lozim. Joriy yilning dastlabki besh oyida 23,5 ming nafar aholi ish bilan ta’minlangan. Prezident ayrim hududlarda ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolayotganini tanqid qilib, bu boradagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida Kosonsoy tumanida 4,7 ming gektar maydonda yem-xashak ekinlari ekish va chorva sonini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Pop tumanida esa adirlik hududlarda sanoat bog‘lari tashkil etiladi. Yil oxirigacha 400 gektar maydon o‘zlashtiriladi, yana 2,8 ming gektarda ishlar bir oy ichida boshlanadi.
Namangan shahrida xalqaro standartlar asosida kamida beshta xususiy ta’lim markazi ochiladi. Ularda yil oxirigacha 20 ming nafar yosh tahsil olishi rejalashtirilgan. Markazlar uchun amaldagi texnikumlar binolaridan joy ajratilib, ular yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar ta’mirlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ