Musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilarining oyligi oshirilib, yangi ustamalar joriy etiladi

Bundan tashqari, eng yaxshi ijodkorlarga har oy 5 mln so‘mdan qalam haqi beriladi

Musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilarining oyligi oshirilib, yangi ustamalar joriy etiladi

O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan boshlab, 326 ta musiqa va sanʼat maktabidagi o‘qituvchilarning oyligi ham umumtaʼlim maktablari bilan bir xil bo‘ladi. Bu haqda 1-iyun kuni Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Endi umumtaʼlim va musiqa maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni qay darajada ijro etishiga qarab, 20% gacha ustama to‘lanadi.

Yangi o‘quv yilida kamida 1,5 mln o‘quvchini musiqa va sanʼatga jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun 326 ta musiqa va sanʼat, 29 ta ixtisoslashgan maktab bilan umumtaʼlim maktablari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Musiqa va sanʼat maktablarining ijodiy jamoalari umumtaʼlim maktablarida muntazam konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslarini oʻtkazib borishi zarurligi qayd etildi.

Har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumtaʼlim maktablari o‘rtasida tuman, viloyat, respublika darajasida tanlovlar o‘tkaziladi. Ularning ijod mahsulini respublika bo‘yicha targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari olish uchun 500 mln so‘mdan grant beriladi.

Shuningdek, respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va sanʼat oliygohlariga o‘qishga qabul qilinadi.

Mening niyatim – har bir xonadonga musiqa cholg‘usi kirib borsin, har bir o‘g‘il-qizimiz musiqa chalishni o‘rgansin. Chunki san’atni, musiqani sevgan bolaning qalbi toza, tafakkuri keng bo‘ladi, dedi prezident.

Mutasaddilarga har bir umumta’lim maktabida musiqa va san’at yo‘nalishida kamida 4 tadan to‘garak tashkil qilish topshirildi. Milliy cholg‘u sotib olgan to‘garaklarning 30% xarajati qoplab beriladi.

Davlat rahbari imkoniyati cheklangan yoshlarni ham unutmaslik lozimligini aytdi. Buning uchun yangi o‘quv yilidan hududlarda “Inklyuziv ijodiy ustaxonalar” tashkil qilinadi. Inklyuziv ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga darsliklar, ijod uchun zarur anjomlar xaridi uchun har yili 30 mlrd so‘mdan ajratib boriladi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev 1-iyun kuni madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etishni taklif qildi.

Davlat rahbari tashabbusiga ko‘ra, endilikda har yili “Milliy ijodkorlar qurultoyi” o‘tkaziladi. U 21 ta ijodiy birlashmaning o‘ziga xos yillik hisoboti vazifasini bajaradi. Qurultoy doirasida yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlarning badiiy kechalari tashkil etilib, ular munosib taqdirlanadi.

Ta’kidlanishicha, musiqa yo‘nalishida kamida 10 ta qo‘shiq yoki musiqa asari yaratgan, “Xalq artisti”, “Xizmat ko‘rsatgan artist” unvonlarini olgan yoki xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan, asarlari mamlakat va xorijiy sahnalarda ijro etilayotgan qo‘shiqchi, sozanda va kompozitorlar rag‘batlantiriladi.

Adabiyot sohasida esa e’tirof etilgan badiiy kitob mualliflari, asarlari 50 ming nusxadan ortiq chop etilgan, teatr va kinoda sahnalashtirilgan yoki she’rlari mashhur qo‘shiqlarga aylangan shoir, yozuvchi va dramaturglar taqdirlanadi.

Sovrindorlarga bir yil davomida har oy 5 mln so‘mdan qalam haqi to‘lanadi. Shuningdek, ular O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanish, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bepul davolanish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ular uchun mahorat maktablari va ijod uylari tashkil etiladi.

Uchrashuvda sovrindorlar keyingi yillarda ham ijodiy faoliyatini davom ettirib, yangi natijalarga erishsa, mazkur imtiyozlardan foydalanishni davom ettirishi haqidagi taklif ham ilgari surildi. Prezident ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

To‘rt oyda O‘zbekistonda xorijiy valyutaga talab $20,4 mlrdga yetdi
/
To‘rt oyda O‘zbekistonda xorijiy valyutaga talab $20,4 mlrdga yetdi
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar arzonlashdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar arzonlashdi
Soliq qo‘mitasi: umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari soddalashtirilgan QQS tizimiga 1-iyuldan o‘tishi mumkin
/
Soliq qo‘mitasi: umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari soddalashtirilgan QQS tizimiga 1-iyuldan o‘tishi mumkin