Markaziy bank moliya tashkilotlari uchun yangi jarimalarni tasdiqladi

Yangi tartib kapital yetarliligi, likvidlik va iste’molchilar huquqlarini buzgan banklarga milliardlab so‘mgacha jarima qo‘llashni nazarda tutadi

Markaziy bank moliya tashkilotlari uchun yangi jarimalarni tasdiqladi

Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan prudensial talablar va iste’molchilar huquqlariga rioya etilmagani uchun qo‘llaniladigan yangi jarimalar ro‘yxatini tasdiqladi.

6-avgustdan kuchga kiradigan hujjat qoidabuzarliklarni ikki toifaga ajratadi: moliyaviy ko‘rsatkichlarga rioya qilmaslik va mijozlarning qonuniy manfaatlarini buzish.

Birinchi yo‘nalish moliyaviy barqarorlik bilan bog‘liq. Kapital yetarliligi koeffitsiyenti minimal darajadan pastlagan taqdirda, banklar umumiy kapitalining 0,02% i miqdorida, ya’ni 500 mln so‘mdan 2 mlrd so‘mgacha jarimaga tortiladi.

Mikromoliya tashkilotlari uchun jarima miqdori 100 mln so‘mdan 500 mln so‘mgacha etib belgilangan. Likvidlik me’yorlari buzilganda esa tashkilotlar yetishmayotgan summa uchun har bir kechiktirilgan kun hisobiga asosiy stavkaning 1,5 baravari miqdorida, kamida 20 mln so‘m jarima to‘laydi.

Bir qarz oluvchiga to‘g‘ri keladigan maksimal tavakkalchilik me’yorining oshirilishi yoki ko‘chmas mulkni maqsadsiz xarid qilish holatlari uchun banklarga 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha jarima qo‘llanadi. Ochiq valyuta pozitsiyasi limitlarini buzish kuniga 10 mln–100 mln so‘m, zaxiralarni shakllantirishdagi kamchiliklar esa 2,5 mlrd so‘mgacha jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.

Hujjatning ikkinchi qismi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan. Kredit shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bermaslik yoki tariflardagi o‘zgarishlarni yashirish uchun banklar 3 mln so‘mdan 20 mln so‘mgacha jarima to‘laydi.

Rasmiy veb-saytda majburiy ma’lumotlarni joylashtirmaslik banklar uchun 100 mln so‘m, MFOlar uchun 50 mln so‘m, lombardlar uchun esa 10 mln so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Shartnomalarni davlat tilida taqdim etmaslik uchun 10 mln so‘mgacha jarima qo‘llanadi.

Mijozga shartnoma nusxasini imzolashdan oldin tanishish uchun taqdim etmaslik 750 ming so‘mdan 2,5 mln so‘mgacha, qarz oluvchini kamsituvchi shartlarni kiritish esa 20 mln so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, kreditning to‘liq qiymatini yashirish, qarz yuklamasi bo‘yicha cheklovlarni buzish, jismoniy shaxslarga xorijiy valyutadagi kreditlar ajratish, muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud fuqarolarni kreditlash yoki uchinchi shaxslarning pullik xizmatlarini majburan taklif qilish uchun ham moliyaviy sanksiyalar joriy etilmoqda.

Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar bo‘yicha turar joyni garovga olish banklar uchun 15 mln so‘m, MFOlar uchun esa 10 mln so‘m jarimaga olib keladi.

Mijozlarning roziligisiz hisobvaraqdan pul yechib olish eng og‘ir qoidabuzarliklardan biri sifatida baholangan. Bitta holat uchun 25 mln so‘m, ommaviy tus olgan holatlarda esa 2,5 mlrd so‘mgacha jarima qo‘llanishi mumkin.

Qarz to‘liq qoplangandan keyin garov taqiqini o‘z vaqtida bekor qilmaslik 7,5 mln so‘m, hisoblarni asossiz bloklash, kartalar orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etish yoki bank sirini oshkor qilish holatlari esa har bir holat uchun 3 mln so‘m jarimaga sabab bo‘ladi.

Mijozlarga muntazam zarar yetkazuvchi tizimli kamchiliklar aniqlansa, banklar umumiy kapitalining 0,01%i miqdorida, biroq kamida 300 mln so‘m jarima to‘laydi. Kredit tarixiga noto‘g‘ri ma’lumot kiritish uchun 3 mln so‘m jarima belgilangan.

Bundan tashqari, kredit olishni ixtiyoriy ravishda taqiqlagan fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirilsa, kredit byurolari 20 mln so‘m, banklar esa 15 mln so‘m jarimaga tortiladi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash qoidalariga rioya qilmaslik yoki bunday tizimning umuman mavjud emasligi 100 mln so‘m jarimaga olib keladi. Kredit xavflari bo‘yicha chek-listni imzolamasdan kredit ajratish uchun esa 10 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
/
O‘zbekistonliklarning 68% i kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda — MB
Rustam Turg‘unov IT Park Capital direktori etib tayinlandi
/
Rustam Turg‘unov IT Park Capital direktori etib tayinlandi
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi
/
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 14,25% gacha pasaytirdi