Qonunchilik palatasi Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Hujjat markaz hududida Angliya va Uels huquqi tamoyillarini qo‘llash, xalqaro tijorat sudini tashkil etish hamda investorlar uchun viza rejimlarini joriy etishni nazarda tutadi

Qonunchilik palatasi Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni ma’qullab, uni Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, markaz hududida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikka zid kelmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi hamda sud pretsedentlari qo‘llanilishi mumkin. Bu esa xalqaro investorlar uchun huquqiy muhitni yanada tushunarli va prognoz qilinadigan qilishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Qonun loyihasi Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasini ham belgilaydi. Unga muvofiq, markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi.

Majlisda qayd etilishicha, hujjatni ishlab chiqishda Dubay xalqaro moliya markazi, Ostona xalqaro moliya markazi va Singapurning ilg‘or tajribasi o‘rganilgan. Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi litsenziya berish, ishtirokchilar faoliyatini nazorat qilish va ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi.

Toshkent xalqaro tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni mustaqil tarzda ko‘rib chiqadi. Bu mexanizm investorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni jalb etish hamda 5 yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, maxsus soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi.

Qonun loyihasi Konstitutsiyaning bir qator moddalariga ham o‘zgartish kiritishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, mamlakatda yagona huquqiy makon saqlangan holda ayrim hududlarda maxsus huquqiy rejim joriy etish, ixtisoslashgan sudlar tashkil qilish va ayrim holatlarda sud yurisdiksiyasini alohida tartibda belgilash imkoniyati yaratiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

1-sentabrdan madaniyat va san’at sohasi uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etiladi
/
1-sentabrdan madaniyat va san’at sohasi uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etiladi
Islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi bir yilda qariyb 8 barobarga oshdi
/
Islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi bir yilda qariyb 8 barobarga oshdi
Sho‘rtan GKM loyihasida 643 mlrd so‘mlik talon-torojlik aniqlandi
/
Sho‘rtan GKM loyihasida 643 mlrd so‘mlik talon-torojlik aniqlandi