MobiUz’ning 100% lik davlat ulushi $351 mlnga sotildi
AQShning “McKim and Company” boshchiligidagi konsorsium mobil operatorning 100% davlat ulushini sotib olib, yana $500 mlngacha investitisiya kiritiladi
Фото: Kapital.uz
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MobiUz brendi ostida faoliyat yurituvchi “Universal Mobile Systems” MChJ ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro ochiq savdolar yakunlanganini ma’lum qildi.
Xususiylashtirish jarayonida xalqaro konsalting kompaniyalari jalb etilgan. Xususan, “Rothschild & Co” strategik maslahatchi, “KPMG” moliyaviy maslahatchi, “Deloitte” esa mustaqil baholovchi sifatida ishtirok etdi.
Savdo jarayonlari xalqaro bozorlarda faol targ‘ib qilinib, 100 dan ortiq strategik va moliyaviy investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Bitim haqidagi ma’lumotlar Bloomberg va Financial Times nashrlarida e’lon qilinib, investorlar uchun maxsus taqdimotlar tashkil etilgan.
Natijada AQSh, Yaponiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Kavkazorti mintaqasidan 15 dan ortiq investor jarayonda qatnashdi. Ulardan 10 tasi dastlabki narx takliflarini bergan bo‘lsa, 6 nafar investor MobiUz’ni sotib olish bo‘yicha majburiy taklif taqdim etdi.
Savdolarning yakuniy bosqichida eng yaxshi taklif AQShning “McKim and Company” kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium tomonidan bildirildi. Konsorsium tarkibida moliyaviy investorlar hamda texnologik hamkor sifatida “JVR Enterprises LLC” (“JVR Capital Group”) ishtirok etgan.
Taklifga ko‘ra, MobiUz kompaniyasi $351 mlnga baholangan. Bundan tashqari, investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun $500 mlngacha qo‘shimcha investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bitimning EV/EBITDA multiplikatori 7,4 barobarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mustaqil baholovchi tomonidan aniqlangan qiymatdan yuqori bo‘lib, kompaniya bozor sharoitida raqobatbardosh baholanganini ko‘rsatadi.
Bitim kuchga kirishi uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning roziligi olinishi hamda barcha korporativ va huquqiy tartib-taomillar yakunlanishi lozim.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ