Saida Mirziyoyeva Buxorodagi may oyida boshlangan loyihalar ijrosini ko‘zdan kechirdi
Xususan, 21-sonli bog‘chada bolalar uchun o‘rinlar soni 240 o‘ringa yetkazilib, qo‘shimcha 100 ta yangi o‘rin yaratildi
Foto: Saida Mirziyoyeva
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva may oyida belgilangan rejalar ijrosini, natijalarini ko‘zdan kechirish uchun 21-avgust kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Jo‘yzar kanali betonlashtirilishi
May oyidagi tashrifda respublikadagi eng qadimiy kanallardan biri — Jo‘yzar kanalining 22,5 kilometrlik qismini betonlash masalasi muhokama qilingandi. Ayni paytda kanalning 9 kilometrlik qismi betonlashtirildi (yana 10 kilometrida jarayon davom etmoqda). Bu yiliga 12 million kub metr suvni tejash imkonini beradi.
Ushbu kanal 1938-yilda qazilgan bo‘lib, uning suv o‘tkazish qobiliyati soniyasiga 16 metr kubni tashkil etadi. Yillar davomida kanalda loyqa va cho‘kindi jinslarning to‘planib borishi natijasida uning suv o‘tkazish quvvati pasayib, soniyasiga 5 metr kubga tushib qolgan edi.
Kanal orqali Buxoro tumanidagi 8 ta mahalla hududidagi 349 ta fermer xo‘jaligining 10 677 gektar ekin maydoni, 3 250 ta xonadonning 2 810 gektar tomorqa maydoni — jami 13 487 gektar sug‘oriladigan yerlar suv bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, kanal orqali “Zarafshon” suv tozalash va uzatish inshootiga suv yetkazib berilib, u yerda qayta ishlangan holda 13 706 ta xonadonni ichimlik suvi bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Kanalni to‘liq betonlashtirish natijasida:
- yiliga 12,0 mln kub metr suv iqtisod qilinadi;
- 13,7 ming xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi;
- kanalning suv o‘tkazish quvvati soniyasiga 8 metr kubga, ya’ni 60% ga oshdi;
- 349 ta fermer xo‘jaligining 8,5 ming gektar ekin maydoni hamda 2,8 ming gektar aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash imkoniyati yaratildi.
Kanal bo‘yida baliqchilik xo‘jaligi ishga tushirildi
Shu yerning o‘zida baliqchilik xo‘jaligi ham ishga tushirildi. Prezidentning 2026-yil 2-iyuldagi farmonida baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, zamonaviy va resurstejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda baliq yetishtirish hajmlarini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Bu vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Jo‘yzar kanalining bir qismida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishga asoslangan zamonaviy texnologiyalar asosida baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi.
Baliqchilik xo‘jaligidagi hovuzga 2,5 ming dona sazan balig‘i chavog‘i tashlanib, avtomatlashtirilgan intensiv baliq yetishtirish tizimi to‘liq ishga tushirilgan. 2026-yil yakuniga qadar 4 tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Achinarli ahvoldagi bog‘cha rekonstruksiya qilindi
Saida Mirziyoyeva may oyidagi tashrifida Buxoro tumani “Sheyxoncha” MFYdagi 21-sonli bog‘chani borib ko‘rganida ahvol achinarli ekanligi, zudlik bilan ta’mirlash talab etilishini aytgandi. Qariyb 50 yil davomida ekspluatatsiya qilingan binoning texnik holati yomonlashib, foydalanishga yaroqsiz holga kelgani sababli uni to‘liq rekonstruksiya qilish va muassasa quvvatini oshirish belgilandi.
“Sheyxoncha” MFYda 3–6 yoshli 505 nafar bola mavjud bo‘lib, jami 443 nafar (87,7% ) bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan edi. 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida (1 ta davlat, 6 ta nodavlat MTT). Xususan, 140 o‘rinli 21-sonli davlat MTTda amalda 193 nafar bola tarbiyalangan, ya’ni muassasa loyiha quvvatiga nisbatan 1,4 barobar yuklama bilan faoliyat yuritgan.
Qurilish davrida o‘rinlar soni 240 o‘ringa yetkazildi va qo‘shimcha 100 ta yangi o‘rin yaratildi. Natijada, hududdagi 3–6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 100% ga yetkazildi.
Yangi binoning energiya samaradorligini oshirish maqsadida tashqi devorlar bazalt asosidagi issiqlik izolyatsiya materiallari bilan qoplandi. Bu binoni isitish va sovitishga sarflanadigan energiya resurslarini sezilarli tejash imkonini beradi. Shuningdek, muassasaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qisman muqobil energiya hisobidan qoplash maqsadida 40 kVt quvvatli quyosh fotoelektr panellari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida, turizm sohasidagi yangi loyihalar — “Afshona” majmuasi, etno-uylar, “Jo‘yi Muliyon” kanalini tiklash, yangi aeroport yaqinidagi mehmonxonalar va klaster masalalari muhokama qilindi. Asosiy maqsad yiliga 10 mln sayyohni jalb qilib, Buxoroni shunchaki tranzit hudud emas, balki to‘laqonli sayohat maskaniga aylantirishdir.
Tashrif yakunida Saida Mirziyoyeva Buxoroi sharifning “Yetti pir” qadamjolarini ziyorat qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ