O‘zbekistonda minimal ish haqini 2030-yilgacha 2,1 mln so‘mga yetkazish taklif qilindi

Bundan tashqari, budjetdagi ish haqlaridan ajratish hamda hudud va tarmoqlar bo‘yicha alohida minimal stavkalarni joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda minimal ish haqini 2030-yilgacha 2,1 mln so‘mga yetkazish taklif qilindi

O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini (MHEKM) belgilash tizimini tubdan isloh qilish taklif etildi. Unga ko‘ra, 2030-yilgacha MHEKMni bosqichma-bosqich mediana ish haqining 40% igacha oshirish, budjet sohasida ish haqlarini hisoblash bazasi sifatida undan foydalanishni bekor qilish hamda hududlar va tarmoqlar kesimida alohida minimal ish haqi stavkalarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bu takliflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va fiskal tahlillar instituti tomonidan tayyorlangan tahliliy hisobotda keltirilgan.

Hozirda O‘zbekistonda MHEKM oyiga 1,271 mln so‘mni (taxminan $104) tashkil etadi. Xalqaro ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich Qozog‘iston ($180), Belarus ($265) va Rossiyaga ($295) nisbatan ancha past.

Shuningdek, O‘zbekistonda minimal ish haqi mediana ish haqining atigi 24% iga teng. Xalqaro amaliyotda esa ushbu ko‘rsatkich odatda 40%–60% diapazonida bo‘lishi tavsiya etiladi.

Shu sababli mualliflar MHEKMni 2030-yilgacha mediana ish haqining 40% igacha oshirishni taklif qilmoqda. Hozirgi mediana ish haqi — taxminan 5,3 mln so‘m — saqlanib qolgan taqdirda minimal ish haqi 2,1 mln so‘mga yetkazilishi lozim bo‘ladi. Bu amaldagi darajadan qariyb 1,7 baravar yuqori.

MHEKM budjetdagi ish haqlaridan ajratilishi mumkin

Hisobot mualliflari amaldagi tizimning asosiy kamchiligi sifatida MHEKM bir vaqtning o‘zida ham ijtimoiy kafolat, ham budjet tashkilotlari ish haqlarini hisoblash bazasi vazifasini bajarishini ko‘rsatgan.

Natijada minimal ish haqining har qanday oshirilishi budjet tashkilotlari mehnatga haq to‘lash fondini ham avtomatik ravishda ko‘paytiradi. Bugungi kunda budjet sektorida ish haqi xarajatlari umumiy budjet xarajatlarining 42–45% ini tashkil etadi.

Shu bois MHEKMni ish haqlarini hisoblash bazasidan ajratib, budjet sohasi uchun alohida bazaviy tarif miqdorini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu davlatga minimal ish haqini oshirishda ko‘proq moslashuvchanlik beradi va budjet xarajatlarining keskin ortishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Hudud va tarmoqlar bo‘yicha alohida minimal ish haqi

Hisobotda hududlar o‘rtasidagi daromadlar va yashash xarajatlaridagi farqlar ham inobatga olinishi lozimligi qayd etilgan.

Xususan, Toshkent shahri bilan ayrim hududlar o‘rtasidagi o‘rtacha ish haqi 1,5–2 baravargacha farq qiladi. Shu sababli MHEKMni hududlar kesimida tabaqalashtirish yoki boshqa moslashtirilgan mexanizmlarni joriy etish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, tajriba tariqasida qurilish, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida minimal ish haqini amaldagi darajadan 30 foizgacha yuqori belgilash imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Soatbay va kunbay minimal stavkalar joriy etilishi mumkin

Mutaxassislar MHEKMni faqat oylik ko‘rsatkich sifatida emas, balki minimal soatbay va kunbay ish haqi shaklida ham belgilashni taklif qilmoqda.

Bu to‘liq bo‘lmagan ish kuni, mavsumiy va vaqtinchalik bandlik keng tarqalgan sohalarda ishlayotgan fuqarolarni minimal ish haqi kafolatlari bilan qamrab olish imkonini beradi.

Muammo faqat minimal ish haqi miqdorida emas

Hisobotda ta’kidlanishicha, minimal ish haqini oshirishning o‘zi yetarli emas. Mamlakatda norasmiy bandlik darajasi 38–40% ni tashkil etayotgani sababli, ko‘plab xodimlar hali ham ish haqining bir qismini norasmiy tarzda olmoqda.

Baholashlarga ko‘ra, xodimlarning 15%i oyiga 1 mln so‘mdan kam, yana 21% i esa minimal ish haqi darajasiga yaqin daromad oladi.

Mutaxassislar mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, raqamli nazorat tizimlarini rivojlantirish va ish beruvchilar uchun ma’muriy xarajatlarni kamaytirish orqali norasmiy bandlikni qisqartirish zarurligini qayd etmoqda.

Xalqaro tajriba asos qilib olingan

Takliflar ishlab chiqishda Xalqaro mehnat tashkilotining tavsiyalari hamda Germaniya, Qozog‘iston, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasi o‘rganilgan.

Tahlil mualliflariga ko‘ra, taklif etilgan islohotlar amalga oshirilsa, MHEKM oddiy hisob-kitob ko‘rsatkichidan xodimlarni ijtimoiy himoya qiluvchi to‘laqonli vositaga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, barcha o‘zgarishlar biznes va davlat budjetiga ortiqcha yuk tushirmaslik uchun bosqichma-bosqich joriy etilishi lozim.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Future Open Technologies “Open bank”ning qolgan ulushlarini ham sotib oldi
/
Future Open Technologies “Open bank”ning qolgan ulushlarini ham sotib oldi
“Tashabbusli budjet” loyihalarining yarim puli yig’ilsa, qolgan qismi avtomatik ajratiladi
/
“Tashabbusli budjet” loyihalarining yarim puli yig’ilsa, qolgan qismi avtomatik ajratiladi
Kasb o‘rganayotgan yoshlarga 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
/
Kasb o‘rganayotgan yoshlarga 120 mlrd so‘m yo‘naltiriladi