BAA tajribasi asosida “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
Umumiy mukofot jamg‘armasi $240 mingni tashkil etib, bosh sovrin sohibiga $50 ming beriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi.
Davlat rahbari bugungi kunda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt hayotga chuqur kirib borayotgan bir paytda insonning mustaqil fikrlashi eng katta ustunlik ekanini ta’kidladi. Prezidentning qayd etishicha, kitob o‘qiydigan inson teran va sog‘lom fikrlaydi, bunday tafakkur esa jamiyatni o‘zgartira oladi.
Marosimda mutolaa madaniyatini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani aytildi. Ta’kidlanishicha, kitobxonlik nafaqat ta’lim, balki millatning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilovchi omillardan biri hisoblanadi.
Prezident Yangi O‘zbekistonda yoshlarni kitobga oshno qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini bildirib, 2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni mutolaaga yaqinlashtirganini qayd etdi. Kuni kecha tanlovning respublika bosqichi yakunlanib, uch nafar g‘olib prezident sovg‘asi — avtomobillar bilan taqdirlangan.
Shuningdek, marosimda BAA tajribasi asosida “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Prezident ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini bildirgan.
Endilikda dastur final bosqichi har yili prezident darajasida o‘tkaziladi. Umumiy mukofot jamg‘armasi $240 mingni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibiga $50 ming beriladi.
Qayd etilishicha, dastur mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi va unda 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Prezident ushbu tashabbusni “Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun strategik investitsiya” deb atab, barcha yoshlar, ustozlar va ota-onalarni umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ