O‘zbekistonda yangi mikromoliya banki instituti joriy qilinadi
Bu bank xizmatlarini ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi
Oliy Majlis Senati
Bank xizmatlarini ruxsat etilgan shartlar asosida ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan yuridik shaxs – mikromoliya banki institutini joriy qilish, mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga va mikromoliya banklarini tijorat banklariga hamda aksincha transformatsiya qilishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Bugun, 24-yanvar kuni Senatning uchinchi yalpi majlisida “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Senat tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan,Qonunda mikromoliya banki tushunchasi, mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori, mikromoliya banki belgilangan prudensial normativlarga rioya etishi, kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, respublika hududida banklarning yoxud nobank kredit tashkilotlarining firma nomlari bilan chalkashtirib yuborish darajasidagi o‘xshash bo‘lgan firma nomlaridan foydalanish taqiqlanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ