O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari aktivlari bir yilda 20,8 trln so‘mga yetdi

Ayrim MMTlarda muammoli kreditlar ulushi esa 30% dan oshgan

O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari aktivlari bir yilda 20,8 trln so‘mga yetdi

O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlarining (MMT) jami aktivlari 2026-yil 1-sentabr holatiga 20,8 trln so‘mga yetdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 9 trln so‘mni tashkil etgan. Shu davrda sof kreditlar hajmi ham 8,8 trln so‘mdan 18,1 trln so‘mga ko‘paydi. Bu Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

TBC Credit aktivlari 1,5 trln so‘mga yetdi

Aktivlar o‘sishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich TBC Credit’da qayd etildi. Tashkilot aktivlari 2025-yildagi 1,9 mlrd so‘mdan 2026-yilda 1,5 trln so‘mga yetdi. Sof kreditlar hajmi 1,15 trln so‘mni, muammoli kreditlar (NPL) ulushi esa 0,6% ni tashkil etdi. O‘tgan oyda NPL ulushi 0,4% bo‘lgan.

Aktivlari tez o‘sgan boshqa tashkilotlar orasida Community Microfinance, Bright Future Financing va Fundflow bor. Ularning aktivlari mos ravishda 285,7 mlrd, 280,4 mlrd va 238,4 mlrd so‘mga yetdi. Ushbu tashkilotlarda yillik o‘sish sur’ati 11 ming foizdan yuqori bo‘ldi.

Korona aktivlari 527,4 mlrd so‘mni tashkil etib, jadvaldagi tashkilotlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi. Uning sof kreditlari 319,5 mlrd so‘m, NPL ulushi esa 5,7%  bo‘ldi.

Ayrim tez o‘sayotgan tashkilotlarda muammoli kreditlar ulushi ham yuqori. Masalan, Una Moliya’da bu ko‘rsatkich 12,9% ni, Cash Point’da 3,2% ni, Aloqa Finance Development’da 2,2% ni tashkil etdi.

Ayrim MMTlar aktivlari yarmidan ko‘proqqa qisqardi

2026-yil 1-sentabr holatiga ayrim mikromoliya tashkilotlarining aktivlari bir yil ichida keskin kamaydi. Eng katta pasayish Yangi Finance’da qayd etildi: tashkilot aktivlari 143,9 mlrd so‘mdan 69,4 mlrd so‘mga tushib, 51,8% ga qisqardi. Shunga qaramay, sof kreditlar hajmi 31,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Bu holat yil boshida Yangi Finance mikromoliya tashkiloti va Yangi bank faoliyati to‘xtatilgani bilan bog‘liq.

Farovon Hayot aktivlari 39,7% ga, Poytaxtniki 39,5% ga, Istiqbol Invest Group’ning aktivlari esa 31,3% ga kamaydi. Al Barotda pasayish 30,6% ni tashkil etdi.

Pulman aktivlari 25,6% ga qisqarib, 132,4 mlrd so‘mga tushdi. Kapital Plus aktivlari 23% ga, Lime aktivlari 22,4% ga, Easy Finans aktivlari 21,6% ga, Zamondosh aktivlari esa 20,7% ga kamaydi.

Aktivlar qisqarganiga qaramay, ayrim tashkilotlarda sof kreditlar katta ulushni egallaydi. Masalan, Pulmanda sof kreditlar 92,4 mlrd so‘m, Zamondoshda 41,4 mlrd so‘m, Easy Finansda 39,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Al Barotda bu ko‘rsatkich 11,8 mlrd so‘m, Kapital Plusda 5,8 mlrd so‘m bo‘ldi.

Ayrim MMTlarda muammoli kreditlar ulushi 30% dan yuqori

2026-yil 1-sentabr holatiga O‘zbekistondagi 141 ta mikromoliya tashkilotining jami kredit qoldig‘i 18,64 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 455,8 mlrd so‘mi muammoli kreditlarga to‘g‘ri keldi. Sektor bo‘yicha NPL ulushi avgustdagi 2,6% dan 2,4% ga tushdi.

Biroq tashkilotlar kesimida vaziyat turlicha. Aktivlari qisqargan MMTlar orasida Poytaxtda muammoli kreditlar ulushi 37,6% ga yetdi. Limeda bu ko‘rsatkich 31%, Farovon Hayotda 30%, Yangi Finance’da esa 28,4% ni tashkil etdi.

Pulmanda NPL ulushi 10 foiz, Zamondoshda 5,1% bo‘ldi. Shu bilan birga, Istiqbol Invest Group’da bu ko‘rsatkich 0,8%, Kapital Plusda 1,8%, Al Barotda 3,3% ni tashkil etdi. Easy Finansda muammoli kreditlar ulushi nol foiz deb qayd etilgan.

Aktivlari tez o‘sgan tashkilotlar orasida ham NPL ko‘rsatkichlari farq qiladi. Una Moliya’da muammoli kreditlar ulushi 12,9%, Koronada 5,7% bo‘lgan. TBC Credit’da esa aktivlar keskin oshganiga qaramay, NPL ulushi 0,6% ni tashkil etgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Raqobat qo‘mitasi qariyb 10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlarni aniqladi
/
Raqobat qo‘mitasi qariyb 10 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlarni aniqladi
Saneg tasarrufiga berilgan neft konlari litsenziyalari bekor qilingan — Davaktiv
/
Saneg tasarrufiga berilgan neft konlari litsenziyalari bekor qilingan — Davaktiv
O‘zbekistonda to‘qqiz oyda kiberjinoyatlar ortidan fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi
/
O‘zbekistonda to‘qqiz oyda kiberjinoyatlar ortidan fuqarolarga 1 trln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi