O‘zbekistonda mehmonxonalar uchun $50 mln resurs ajratiladi
Tadbirkorlarga 10 yilga 16% li kredit beriladi, mehmonxonalar uchun soliq imtiyozlari 2030-yilgacha uzaytiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yil boshidan O‘zbekistonga 8 mln xorijlik sayyoh tashrif buyurdi, ularning mamlakatda qolish muddati 8 kungacha uzaydi. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda davlat rahbari turizm islohotlari aholi daromadida yanada ko‘proq sezilishi kerakligini taʼkidladi.
Mehmonxona qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun $50 mln resurs ajratiladi. Tadbirkorlarga 10 yil muddatga milliy valyutada 16% li kredit beriladi.
Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxona qurish uchun subsidiya berish muddati yana ikki yilga uzaytiriladi. Subsidiya uchun mehmonxona “yulduzi”ni tasdiqlashda xorijiy kompaniya xulosasini talab qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Mehmonxonalar uchun yer va mulk solig‘ini 10 barobar kam stavkada to‘lash imtiyozi 2030-yilgacha uzaytiriladi. 50 tadan ko‘p joylashtiruv o‘rniga ega mehmonxonalarga naqd valyuta qabul qiladigan bankomatlarni banklarning o‘zi o‘rnatib beradi.
Turoperatorlarning xorijlik turistlarga ko‘rsatgan xizmati eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar olib kelishdagi bojxona imtiyozi yana bir yilga uzaytiriladi. Bunday transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imi ham undirilmaydi.
2025-yil mayda O‘zbekistonda modulli mehmonxonalar qurish uchun ajratiladigan subsidiya miqdori oshirilgan edi. Bu “2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ