Qoraqalpog‘istondagi maynerlarga energiya ishlab chiqarish uchun uglevodorodlarni qazib olishga ruxsat berilishi mumkin
Mamlakatda kriptovalyuta kompaniyalari uchun alohida imtiyoz va qoidalarga ega “Besqala Mining Valley” maxsus zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda
Qoraqalpog‘istonda Besqala Mining Valley ixtisoslashtirilgan mayning zonasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Uning rezidentlariga o‘z quvvatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun kam rentabelli neft va gaz konlarini mustaqil ravishda o‘zlashtirishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqdagi tegishli buyruq loyihasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Yangi zona Qoraqalpog‘istonning butun hududini qamrab oladi. Rezident maqomini faqat hududda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar olishi mumkin. Elektron ruxsatnoma 5 yil muddatga beriladi va uni boshqa tashkilotlarga o‘tkazish mumkin bo‘lmaydi.
Faoliyat yuritish uchun kompaniyalarda alohida bino, xavfsiz elektr ta’minoti tizimi va avtomatlashtirilgan nazorat tizimi (ASKUE)ga ulangan hisoblagichlar bo‘lishi kerak.
Korxona rahbarlari va ta’sischilari iqtisodiy jinoyatlar, korrupsiya yoki noqonuniy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq sudlanganlikka ega bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, pul yuvishga qarshi xalqaro kurashda ishtirok etmaydigan davlatlar rezidentlari loyihaga qo‘yilmaydi. Yashirin mayning va anonim raqamli aktivlarni chiqarish ham taqiqlanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish tartibi
Rezident maqomini olish tartibi to‘liq raqamlashtiriladi va bepul amalga oshiriladi. Nomzodlar STIR, tashkiliy-huquqiy shakl, bank rekvizitlari va biznes egalari haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan elektron ariza yuborishi kerak.
Arizaga bino bo‘yicha kadastr hujjatlari, sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, elektr ta’minoti shartnomalari (yoki o‘z generatorlari hujjatlari), uskuna pasportlari va qazib olinishi rejalashtirilgan raqamli valyutalar ro‘yxati ilova qilinadi.
Hujjatlar to‘plamini ko‘rib chiqish 30 kalendar kungacha davom etadi. Dastlab maxsus komissiya 15 ish kuni davomida ekspertiza o‘tkazadi, shundan so‘ng regulyator 10 ish kuni ichida ruxsatnoma berish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Rad javobi faqat noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar taqdim etilgan taqdirda berilishi mumkin. Tasdiqlangandan so‘ng zona direksiyasi 5 ish kuni ichida rezidentni ro‘yxatdan o‘tkazadi. Hujjatlarda kamchilik aniqlansa, arizachiga ularni tuzatish uchun 30 kun muddat beriladi, qayta tekshiruv esa bir hafta davom etadi. Ruxsatnomani uzaytirish amaldagi muddat tugashidan bir oy oldin xuddi shu tartibda amalga oshiriladi.
Maqomni to‘xtatish
Talablar buzilgan taqdirda agentlik va zona direksiyasi hujjatlar amal qilishini 10 kungacha, sud esa 6 oygacha to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Kompaniyalarga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ogohlantirishdan keyin kamida 5 ish kuni beriladi. Qoidabuzarliklar bartaraf etilgach, litsenziya 3 ish kuni ichida tiklanadi.
Maqomni to‘liq bekor qilish sud orqali, ro‘yxatdan o‘tishda soxta ma’lumot taqdim etilgani yoki jiddiy qoidabuzarliklar aniqlanganida amalga oshiriladi. Bunga yashirin mayning, ro‘yxatdan o‘tmagan manzilda ishlash, alohida hisoblagichlarning yo‘qligi yoki biznes egalarini kelishuvsiz o‘zgartirish kiradi.
Shuningdek, kompaniya faoliyatini ixtiyoriy ravishda 6 oy muddatga to‘xtatib turishi mumkin. Agar bu muddat yakunida rezident faoliyatni tiklash bo‘yicha murojaat qilmasa, hujjatlar butunlay bekor qilinadi.
Mayningni tashkil etish va aktivlarni sotish
Oddiy elektr uzatish tarmoqlaridan tashqari shamol, quyosh va vodorod qurilmalaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga yetkazib berish infratuzilmasi eskirgan yoki umuman mavjud bo‘lmagan, zaxiralari kamaygan neft va gaz quduqlarini mustaqil ravishda o‘zlashtirish va jihozlash huquqi beriladi.
Qazib olingan virtual valyutalarni mahalliy va xorijiy savdo maydonchalarida sotish yoki ayirboshlash mumkin bo‘ladi, bunda barcha tushumlar bank hisob raqamlariga kelib tushishi shart.
Xorijiy birjalar bilan ishlashda kompaniyalar mijozlarni tekshirish va identifikatsiya qilish (KYC) tartibidan foydalanishi kerak bo‘ladi. Korxonalar operatsiyalar bo‘yicha qat’iy hisob yuritishi hamda zona direksiyasiga har oy belgilangan yig‘imlarni to‘lashi shart.
Tashabbus muhokamasi portalda joriy yilning 3-iyuniga qadar davom etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ