O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgaradi
Xususan, yangi qurilish loyihalari videokuzatuv tizimisiz ekspertizadan o‘tkazilmaydi va avtomobilsiz kun aksiyalari qayta joriy qilinadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston qonunchiligida 2026-yil 1-maydan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi. Kapital.uz ushbu sanadan joriy etiladigan asosiy o‘zgarishlarni bir joyga jamladi.
Videokuzatuv tizimisiz yangi qurilish loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
1-maydan boshlab yangi ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir kirish yo‘lagi, liftlar va turar joy majmuasi atrofida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, shuningdek kirish eshiklariga domofon tizimlarini joriy etish majburiy etib belgilanadi.
Mazkur obyektlar loyiha hujjatlarida nazarda tutilmagan taqdirda, yangi ko‘p kvartirali uylar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanadi.
Qarorga muvofiq, o‘rnatilgan videokuzatuv va domofon tizimlari umumiy mulk sifatida e’tirof etilib, belgilangan tartibda boshqaruv kompaniyasiga topshiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlar “Mening uyim” tizimining “Turarjoy” axborot bo‘limiga kiritiladi.
Tajriba tariqasida “Aqlli” migratsiya shoхobchalari tashkil qilinadi.
Sinov sifatida Toshkent, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida bittadan tuman (shahar) ichki ishlar organlari migratsiya va personallashtirish boʻlinmalarida oʻziga oʻzi хizmat koʻrsatish imkoniyati yaratilgan, sun’iy intellekt asosida faoliyat yuritadigan “Aqlli” migratsiya shoхobchalari (Smart migration stations) tashkil etiladi.
Virtual qabulxonada murojaatlar uchun nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi.
Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi.
“Yosh ekolog” ko‘krak nishoni quyidagi darajalarda ta’sis etiladi:
- maktab o‘quvchilari o‘rtasida III darajali “Yosh ekolog”;
- texnikum o‘quvchilari va oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida II darajali “Yosh ekolog”;
- xalqaro va mahalliy miqyosda yuqori natijalarga erishgan yoshlar o‘rtasida I darajali “Yosh ekolog”.
“10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi.
Yangi oydan “10 ming qadam piyoda” tajribasi qayta tiklanadi hamda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Avtomobilsiz kun aksiyalari qayta joriy qilinadi.
Har oyning 10- va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib boriladi. Bunda:
- mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;
- ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
Alimentdan qarzdorlarga ayrim moliya-kredit xizmatlaridan foydalanish cheklanadi.
Aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguncha qadar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishni cheklash tartibi joriy etiladi.
Bosh prokuratura ikki oy muddatda ushbu tartibni tasdiqlash hamda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi tekshirilib amalga oshiriladigan yirik bitimlar, moliya-kredit va davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirishga oid qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Tovarlarni rasmiylashtirishda har bir partiya uchun bojxona to‘lovlarini alohida to‘lash imkoniyati joriy etiladi.
2026-yil 1-maydan boshlab tovarlar respublika hududiga olib kirilganda davriy deklaratsiya asosida rasmiylashtirish jarayonida har bir tovar partiyasi uchun bojxona to‘lovlarini alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan hollarda ayrim yuklar bo‘yicha bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. Bu tartib yirik soliq to‘lovchilar, davlat tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50% dan ortiq bo‘lgan korxonalar import qilayotgan yuklarga, shuningdek, tarif va notarif cheklovlari qo‘llanilmaydigan eksport yuklariga tatbiq etiladi.
Yuqori va o‘rta reytingga ega vakolatli iqtisodiy operatorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar ham joriy etiladi. Xususan, bojxona to‘lovlari va soliqlarni qaytarish hamda o‘zaro hisob-kitob qilish tartiblari soddalashtiriladi. Bundan tashqari, qadoqlash, saralash, tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalari uchun alohida ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ