O‘zbekistonda avtomobil savdosi mart oyida keskin oshdi

Bir oyda 78 mingdan ortiq avtomobil sotildi, eng yuqori o‘sish Toshkent shahri va Surxondaryoda qayd etildi

O‘zbekistonda avtomobil savdosi mart oyida keskin oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kapital.uz ma’lum qilishicha, 2026-yil mart oyida O‘zbekistonda avtomobil bozori faolligi sezilarli darajada oshdi.

Hisobotga ko‘ra, oy yakunida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 19% ga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 20,6% ga ko‘pdir.

Hududlar kesimida savdo hajmi aksariyat viloyatlarda o‘sdi. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida (51,4%) qayd etildi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 46% , Sirdaryo viloyatida 34,5% va Navoiy viloyatida 27,5% lik o‘sish kuzatildi. Toshkent shahrida esa avtomobil bozori faolligi bir oyda 60,5% ga oshgan. Faqat Jizzax, Andijon va Samarqand viloyatlarida pasayish kuzatilgan.

Birlamchi bozorda mart oyida yangi avtomobillar savdosi qariyb 31 ming donani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 13% dan ortiq, yillik hisobda esa 37% ga oshdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi 25 ming donaga yetib, bir oyda 3,8% ga, yil davomida 26,5% ga o‘sdi.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida esa o‘sish yanada yuqori bo‘lib, savdo hajmi bir oyda deyarli ikki baravar oshib, 5,7 ming donaga yaqinlashdi. Yillik hisobda ham bu segmentda savdo ikki baravardan ortiq o‘sdi.

Ikkilamchi bozorda esa 47,5 ming dona avtomobil sotilib, o‘tgan oyga nisbatan 23% ga, o‘tgan yilga nisbatan 12% ga oshgan.

Elektromobillar segmentida mart oyida jami 5,5 ming dona avtomobil sotilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24% ga ko‘pdir. Eng yuqori o‘sish Xorazm viloyatida kuzatilib, savdo hajmi 5 baravar oshgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 3,6 baravar, Jizzax viloyatida 2,9 baravar va Farg‘ona viloyatida 2,2 baravar o‘sish qayd etilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Timur Musin “Palov muzeyi”, Caravan va Cinara’sni $24 mln dan ortiq summaga sotuvga qo‘ydi
/
Timur Musin “Palov muzeyi”, Caravan va Cinara’sni $24 mln dan ortiq summaga sotuvga qo‘ydi
YeTTB “Asakabank” ning 15% ulushini sotib olish haqidagi bitimni imzoladi
/
YeTTB “Asakabank” ning 15% ulushini sotib olish haqidagi bitimni imzoladi
Plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 500 gektargacha yer ajratilib, imtiyozli kredit beriladi
/
Plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 500 gektargacha yer ajratilib, imtiyozli kredit beriladi