Markaziy bank Ishmetovning “qimmat soati” haqidagi xabarlar rad etdi
Regulyatorga ko‘ra, Timur Ishmetov taqib yurgan soat narxi $350 dan oshmaydi
Фото: YouTube
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov qimmatbaho qo‘l soatiga egaligi haqida tarqalgan xabarlar rasman rad etildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bahsga sabab 2021-yilda olingan intervyu lavhalari bo‘lib, unda o‘sha paytda moliya vaziri lavozimida ishlagan Ishmetov tasvirlangan. Foydalanuvchilar uning qo‘lida Patek Philippe Calatrava rusumidagi soat borligini taxmin qilib, uning narxini 27,7 ming yevroga baholagan edi.
Markaziy bank vakillari ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirib, amaldor Tissot brendiga mansub soatdan foydalanishini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, suratga olish vaqtida bunday soat narxi $300–$350 atrofida bo‘lgan.

Hozirda ham xalqaro savdo maydonchalarida ushbu turdagi soatlar narxi $500 dan oshmaydi, chegirmalar bilan esa $300 dan biroz yuqori narxda xarid qilish mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ