Tarjimon Mark Riz “O‘tkan kunlar” asari huquqlari buzilgani yuzasidan sudda g‘alaba qozondi
Noqonuniy elektron nusxa tarqatilgani sabab universitet xodimi 20,6 mln so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘ldi
Фото: Минюст
Uchtepa tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi amerikalik tadqiqotchi Mark Rizning Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarining ingliz tilidagi talqinini noqonuniy tarqatish oqibatida yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha da’vosini qanoatlantirdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil aprel oyida sud xorijlik mutaxassisning da’vo arizasini qabul qilgan. U o‘z mehnatidan ruxsatsiz foydalanilgani sabab yuzaga kelgan zararni qoplashni talab qilgan. Javobgar sifatida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xodimi M. Chutpo‘latov ko‘rsatilgan. Sud yakunlariga ko‘ra, javobgardan 20,6 mln so‘m — 50 BHM miqdorida kompensatsiya undirish belgilandi.
Mutaxassis ushbu asarni tarjima va moslashtirish ustida 15 yildan ortiq vaqt ishlagan. 2020-yilda u kitobning imzolangan nusxasini poytaxtdagi oliy ta’lim muassasasiga taqdim etgan, biroq asarni elektron shaklga o‘tkazishga rozilik berishdan qat’iy bosh tortgan.
Mazkur huquqbuzarlik uchun aybdor shaxs avvalroq 2,06 mln so‘m miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortilgan va faylni o‘chirish majburiyati yuklatilgan.
2025-yil kuzida Mark Riz o‘zining LinkedIn sahifasida sovg‘a qilingan kitob nusxasi skaner qilinib, internetda erkin tarqatilayotganini ma’lum qilgan. Muallif buni intellektual mulk o‘g‘irlanishi sifatida baholab, bunday holatlar mamlakat investitsiya muhiti va imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Shuningdek, noqonuniy tarqatish natijasida nafaqat tarjimonning o‘zi, balki sotuv daromadining to‘rtdan bir qismi tegishli bo‘lgan Abdulla Qodiriyning merosxo‘rlari ham qonuniy daromaddan mahrum bo‘lgani qayd etilgan. Nashriyotlar ham moliyaviy zarar ko‘rgan.
Ta’lim muassasasi vakillari dastlab faqat bibliografik ma’lumotlar joylashtirilganini bildirgan. Biroq tegishli idora Unilibrary platformasiga hech qanday shartnomasiz kitobning to‘liq matni yuklanganini isbotlagan.
Keyinchalik, 2026-yil boshida shunga o‘xshash holat Andijon xorijiy tillar institutida ham kuzatilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, asarni messenjer orqali tarqatgan kutubxona xodimiga 375 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ