Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinadi

Xususan, xavfli mahsulotlar toʻgʻrisida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish boʻyicha elektron tizim yaratiladi

Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Mamlakatimizda oziq-ovqat taʼminotini barqarorlashtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda 4 mln gektar ekin maydoni, 1,5 mln tonna sigʻimga ega saqlash omborlari va 3,5 mln tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatlari aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, shuningdek, $4 mlrdlik mahsulot eksport qilish imkonini bermoqda.

Oʻzbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini $10 mlrdga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan.

Yigʻilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga toʻliq mos boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shugʻullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari oʻrtasida yagona maʼlumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab boʻlmoqda.

Oʻsimliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qoʻmitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjudligi, shu bilan birga, mahsulotni “yetishtirishdan isteʼmolchigacha” kuzatib borish tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.

Eksportda ham hal etilishi zarur boʻlgan masalalar bor. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan mahsulotlarimizda pestitsid qoldiqlari boʻyicha 25 ta ogohlantirish berilgani qayd etildi. Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mahsulot xavfsizligini nazorat qilish tizimini tubdan oʻzgartirishni talab qiladi.

Amalda nazorat idoralari tomonidan faqatgina yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralangani, ishlab chiqarish zanjirida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini kafolatlovchi xalqaro standartlarni joriy qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani qayd etildi.

Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilandi.

Unga muvofiq, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qoʻmitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida shakllantiriladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qo‘mitasiga prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov rahbar etib tayinlandi. Shuningdek, adminstratsiyada faoliyat yuritgan Elyor Talaboyev va Furqat Jalilov yangi qo‘mita raisining o‘rinbosarlari bo’ldi.

Qayd etilishicha, yangi tizimda eskirgan, tadbirkor faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan tekshiruvlardan voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning oʻrniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.

Bugungi kunda respublikadagi 80 mingta obyektdan faqat 1,6 mingtasida, yaʼni 2% ida bunday tartib qoʻllanilmoqda. Endilikda xavfli mahsulotlar toʻgʻrisida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish boʻyicha elektron tizim yaratiladi.

2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi. Eksport salohiyati yuqori yirik oziq-ovqat korxonalarini xalqaro xatarlar tahlili standarti va Alimentarius kodeksi talablariga oʻtkazish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu koʻrsatkich 2028-yilgacha 20% ga, 2030-yilgacha 60% ga, 2032-yilgacha esa 100% ga yetkaziladi.

Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 20 ta tumanda ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishga koʻmaklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bundan buyon meva-sabzavot eksporti statistikasi mahsulot qaysi hududda yetishtirilgan boʻlsa, oʻsha hududda hisobga olinadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

British Petroleum Ustyurt platosida neft va gaz qazib olish loyihasida ishtirok etadi
/
British Petroleum Ustyurt platosida neft va gaz qazib olish loyihasida ishtirok etadi
UzNIF $600 mlndan ortiq qiymatga ega qimmatli qog‘ozlarining 31% ini sotdi
/
UzNIF $600 mlndan ortiq qiymatga ega qimmatli qog‘ozlarining 31% ini sotdi
O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi
/
O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi