O‘zbekistonda har bir mahalla uchun energetik pasport joriy etiladi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, mahallalarning elektr va gaz infratuzilmasi to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

O‘zbekistonda har bir mahalla uchun energetik pasport joriy etiladi

6-avgust kuni prezident energetika tarmog‘i oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgandi.

Energetika vaziri Sherzod Xodjayevning O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, yig‘ilishda barcha mahallalar uchun energetik pasportni shakllantirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Har bir mahallaning energetik pasportini shakllantirishimiz kerak. Ya‘ni mahallada nechta iste‘molchi bor, iste‘molchilarning toifalari qanaqa, mahallaga kirib kelgan elektr energiyasi, tabiiy gaz, infratuzilmasi qanday, holati qanaqa, uni ta‘mirlash, modernizatsiya qilish bo‘yicha qancha mablag‘ talab etiladi, qancha vaqt talab etiladi, yangi iste‘molchilarni ulash uchun qancha imkoniyatimiz bor — shu kabi ma‘lumotlarni o‘zida mujassam qilgan har bir mahallaning energetik pasportini shakllantirishimiz kerak, — deydi vazir.

Xodjayevning ta‘kidlashicha, elektr va tabiiy gaz yetkazib beruvchi kompaniyalar hamda iste‘molchilar o‘rtasidagi muloqotni ham yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilmoqda.

Xususan, mobil ilovalar va billing tizimlari orqali iste‘molchilar o‘z qarzdorligi va boshqa ma‘lumotlarni ko‘rishi, shuningdek, ta‘minotdagi uzilishlar haqida murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi.

Ta‘minotida uzilish bo‘ladigan bo‘lsa, faqat call-markazlariga qo‘ng‘iroq qilib, navbat kutmasdan, mobil ilova orqali o‘zining ta‘minotidagi uzilish haqida xabarlarni berishi yo‘lga qo‘yilishi kerak, — deydi energetika vaziri.

Shuningdek, call-markazlar faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilib, ularning sonini ko‘paytirish, murojaatlarga javob berish sifati va tezkorligini oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, vazirning aytishicha, sun‘iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida elektr va gaz tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni hamda qarzdorlikni kamaytirish, avariyalar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hududlarni oldindan aniqlash va xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Prezident, shuningdek, suyultirilgan gazning erkin bozorini yaratish bo‘yicha ham topshiriq bergan. Unga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan suyultirilgan gazni sotish jarayonlari soddalashtiriladi.

Shu bilan birga, xavfsizlik talablarini ta‘minlash maqsadida amaldagi texnik reglamentlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda foydalanilmayotgan aerodromlar tadbirkorlarga turizmni rivojlantirish uchun ijaraga beriladi
/
O‘zbekistonda foydalanilmayotgan aerodromlar tadbirkorlarga turizmni rivojlantirish uchun ijaraga beriladi
Markaziy bank eng ko‘p shikoyat tushayotgan 10 ta bank reytingini e’lon qildi
/
Markaziy bank eng ko‘p shikoyat tushayotgan 10 ta bank reytingini e’lon qildi
Raqobat qo‘mitasi 5,7 mlrd so‘mlik seysmodatchiklar tenderi yuzasidan ish qo‘zg‘atdi
/
Raqobat qo‘mitasi 5,7 mlrd so‘mlik seysmodatchiklar tenderi yuzasidan ish qo‘zg‘atdi