Raqobat qo‘mitasi 5,7 mlrd so‘mlik seysmodatchiklar tenderi yuzasidan ish qo‘zg‘atdi
Qo‘mita uchta subyektda talablar buzilgani, tender jarayonida raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan
Foto: Yandex
Raqobat qo‘mitasi Respublika seysmoprognostik monitoring markazi tomonidan o‘tkazilayotgan 5,7 mlrd so‘mlik seysmodatchiklar xaridi bo‘yicha tender yuzasidan raqobat qonunchiligi buzilishi alomatlari aniqlangani sababli ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.
Gap 4-avgust kuni e’lon qilingan, boshlang‘ich qiymati 5,7 mlrd so‘m bo‘lgan 475 ta seysmodatchik to‘plamini xarid qilish bo‘yicha tender haqida bormoqda. Qo‘mita mazkur xarid ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinganidan so‘ng tekshiruv boshlagan.
O‘rganish davomida Respublika seysmoprognostik monitoring markazi, Drilltechpro hamda Edulab kompaniyalari tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani, tender jarayonida raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Shu asosda uchala subyektga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilgan. Qo‘mita ish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Drilltechpro 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, tog‘-kon sanoati yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning ustav kapitali 600 ming so‘mni tashkil etadi.
2022-yilda ro‘yxatdan o‘tgan Edulab esa maxsus maqsadli mashina va uskunalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav fondi 640,6 mln so‘m bo‘lib, asosiy ulush Matlyuba Toshevaga tegishli.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, har ikki kompaniya Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Universitet ko‘chasi, 2-uy manzilida ro‘yxatdan o‘tgan. Ochiq ma’lumotlarda ushbu manzil Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli ekani ko‘rsatilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ