Markaziy bank eng ko‘p shikoyat tushayotgan 10 ta bank reytingini e’lon qildi
Regulyatorga ikkinchi chorakda jami 11 331 ta murojaat kelib tushgan
Фото: Kapital.uz
Markaziy bank 2026-yilning II choragi yakunlari bo‘yicha bank xizmatlari sifatini oshirish va mijozlar manfaatlarini ta’minlash maqsadida banklar faoliyatiga doir murojaatlarni tahlil qildi.
Hisobotga ko‘ra, chorak davomida Markaziy bankka to‘g‘ridan to‘g‘ri hamda boshqa davlat organlari orqali banklar faoliyati yuzasidan jami 11 331 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlar soni emas, balki mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi asosida shakllantirilgan indeks bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Avo Bankda qayd etilgan — 4,42.
Eng salbiy indeks qayd etilgan 10 ta bank quyidagicha:
- Avo Bank — 4,42
- Biznesni rivojlantirish banki — 2,78
- Mikrokreditbank — 2,69
- TBC Bank — 2,63
- Anor Bank — 1,84
- Invest Finans Bank — 1,46
- Turonbank — 1,46
- Asakabank — 1,28
- Ipoteka Bank — 1,09
- Kapitalbank — 1,07
Markaziy bankning ta’kidlashicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi banklar quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratishi zarurligini ko‘rsatadi:
- mijozlarga bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berish;
- murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish;
- takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish;
- mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati hamda ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish.
Shu munosabat bilan regulyator banklarga murojaatlar sabablarini chuqur tahlil qilish, ularni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish va mijozlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirishni tavsiya etdi.
Markaziy bank izohiga ko‘ra, mazkur indeks banklarning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat faol mijozlar soniga nisbatan bank faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi. Shuningdek, hisobot choragida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ