Energetika vazirligiga yagona boshqaruv tizimini yaratish topshirildi
Yangiyo‘l tajribasi asosida yana 13 ta tumanda ham shunday tizimni joriy etish rejalashtirilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoqilg‘i-energetika sohasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Eslatib o‘tamiz, 27-iyul kuni davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida energetika tarmog‘idagi boshqaruv tizimi, elektr va gaz ta’minoti barqarorligi, avariyalar soni hamda energiya yo‘qotishlarini kamaytirish masalalari tanqidiy muhokama qilingandi.
Shundan kelib chiqib, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish, hududlarning energiya balansini shakllantirish, tarmoqlarni xatlovdan o‘tkazish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish hamda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish vazifalari belgilangan.
Taqdimotda Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va O‘zenergoinspeksiyaning yangi rahbariyati ushbu topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalarni taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiyo‘l tumanida elektr va gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha maxsus shtab faoliyat boshlagan. Unda tadbirkorlar va aholi murojaatlari, jumladan elektr uzilishlari, quvvat yetishmasligi, gaz bosimining pasayishi, texnik shartlar va qarzdorlik bilan bog‘liq masalalar bevosita o‘rganilmoqda.
Yangiyo‘l tajribasi asosida yana 13 ta tumanda ham shunday tizimni joriy etish, keyinchalik esa uni respublikaning boshqa hududlariga kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni rasmiylashtirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish choralari kuchaytirilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida muammoli tarmoqlar va uskunalarni yangilash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish hamda avariyaviy uzilishlar sabablarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, soha xodimlariga topshiriqlarni elektron tizim orqali yetkazish, ularning ijrosini nazorat qilish va faoliyat samaradorligini KPI asosida baholash mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Prezident Energetika vazirligiga sohada yagona va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish, tarmoq korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tizimli tashkil etish vazifasini yukladi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJga elektr ta’minoti barqarorligini oshirish, infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, avariyaviy uzilishlarni kamaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash topshirildi.
O‘zenergoinspeksiya esa energiya resurslaridan oqilona foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik talablarga rioya etilishini ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish hamda yirik iste’molchilarda energiya auditini jadallashtirish uchun mas’ul etib belgilandi.
Shuningdek, tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan mahallalarni mavsumga tayyorlash, suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish va energetika sohasidagi monitoring jarayonlarida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda davlat rahbari barcha choralarni aniq hisob-kitoblar asosida amalga oshirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr hamda gaz bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ