“Hududgazta’minot” ta’sischiligida suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi kompaniya tashkil etish taklif qilindi
Bu orqali suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi ta’minlanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekistonda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgaztaʼminot” taʼsischiligida LPG-Trade masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilinmoqda.
Bu masala 7-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishganida ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari ayni masalada eng avvalo aholi manfaati ustuvor boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Suyultirilgan gaz odamlarga oʻz vaqtida yetib borishi, taʼminotda uzilishlarga yoʻl qoʻyilmasligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qoʻllab-quvvatlanishi lozimligi qayd etildi.
Shu maqsadda suyultirilgan gaz taʼminoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan. “Hududgaztaʼminot” taʼsischiligida tashkil etiladigan LPG-Trade MCHJ suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shugʻullanadi.
Suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi ta’minlanadi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilanadi. Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qoʻllab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi. Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar umumiy subsidiya oʻrniga aniq isteʼmolchiga yoʻnaltirilishi tizimning adolatliligi va samaradorligini oshiradi.
Ijtimoiy soha obyektlarining ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida yetkazib berish, aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplash tartibi ham koʻzda tutilmoqda.
Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb etish boʻyicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur jarayonda operatorlarda zarur litsenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar boʻlishi, xizmatlar kamida ikki operator tomonidan amalga oshirilishi, isteʼmolchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev 27-iyuldagi yig‘ilishda videoselektor yig‘ilishida suyultirilgan gaz yetkazib berishga xususiy sektorni jalb etish va buni Andijon viloyatidan boshlash taklifini ma’qullagandi.
Isteʼmolchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yongʻin xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda ushbu tajribani keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati koʻrib chiqiladi.
Prezident islohotlarni puxta hisob-kitob asosida, aholi uchun qulaylik va ijtimoiy adolat tamoyillarini taʼminlagan holda amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. Mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qatʼiy yoʻlga qoʻyish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, taqsimotda shaffoflikni taʼminlash, sunʼiy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun kompensatsiyalarni oʻz vaqtida toʻlash, gaz toʻldirish inshootlari va tashish jarayonida xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya etish, xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat oʻrnatish vazifalari belgilandi. Prezident mutasaddilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qatʼiy yoʻlga qoʻyish bo‘yicha topshiriq berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ