Prezident suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qatʼiy yoʻlga qoʻyishni buyurdi

Qayd etilishicha, suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq muddatda olayotgan iste’molchilar ulushi 22% ni tashkil etmoqda

Prezident suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qatʼiy yoʻlga qoʻyishni buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda suyultirilgan gaz resurslari va taqsimoti balansi, amaldagi yetkazib berish tizimi, narx shakllanishi hamda subsidiyalar masalasi tahlil qilindi.

Hozirda O‘zbekistonda qariyb 3,8 mln aholi va 2 mingga yaqin ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gazdan foydalanadi. 2026-yilda aholi va ijtimoiy soha obyektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.

Ayrim iste’molchilar gazni 46 kundan ortiq kutmoqda

Tahlillar amaldagi ta’minot tizimida muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatgan. Ayrim hududlarda suyultirilgan gaz iste’molchilarga belgilangan muddatda yetkazib berilmayapti. Shu sababli aholi qo‘shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida qoplashga majbur bo‘lmoqda.

Suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq muddatda olayotgan iste’molchilar ulushi 22% ni tashkil etmoqda. Bunday holatda ayrim oilalarning bir oylik gaz xarajati belgilangan narxdan bir necha barobar yuqori bo‘lmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha obyektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib beriladi. Biroq uni ishlab chiqarish, import qilish, xarid qilish va yetkazib berish xarajatlari o‘rtasidagi tafovut yildan-yilga oshib, byudjet subsidiyalariga ehtiyojni ko‘paytirmoqda.

Ta’minotda shaffoflik oshiriladi

Prezident suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda, avvalo, aholi manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Gazni iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berish, ta’minotdagi uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, hisob-kitoblarni raqamlashtirish, gaz taqsimotida shaffoflikni ta’minlash, sun’iy taqchillik va asossiz narx oshishining oldini olish vazifalari belgilandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lash, gaz to‘ldirish inshootlari va tashish jarayonlarida xavfsizlik talablariga rioya etish hamda xususiy operatorlar faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish topshirildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Hududgazta’minot” ta’sischiligida suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi kompaniya tashkil etish taklif qilindi
/
“Hududgazta’minot” ta’sischiligida suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi kompaniya tashkil etish taklif qilindi
Barceló Hotel Group Toshkentda Markaziy Osiyodagi ilk mehmonxonasini ochishi mumkin
/
Barceló Hotel Group Toshkentda Markaziy Osiyodagi ilk mehmonxonasini ochishi mumkin
O‘zbekistondan xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlar soni kamaydi
/
O‘zbekistondan xorijga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganlar soni kamaydi