O‘zbekistonda kriptoaktivlar bilan noqonuniy faoliyat yuritgan xorijiy kompaniyalar jarimaga tortilishi mumkin
Undirilgan mablag‘larning yarmi davlat budjetiga, qolgan qismi esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hisobiga yo‘naltiriladi
Фото: Маргарита Авакян / Kapital.uz
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) raqamli aktivlar muomalasi qoidalarini buzgan xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash tartibini ishlab chiqdi. Tegishli hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Hujjat xorijiy tashkilotlarning kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi talablarni buzganligi uchun javobgarlik choralarini belgilaydi. Jarima to‘lanishi huquqbuzarni boshqa turdagi yuridik javobgarlikdan ozod etmaydi.
Undirilgan mablag‘lar teng taqsimlanadi: 50% i davlat budjetiga, qolgan 50% i esa ILMAning g‘aznachilik hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.
| Huquqbuzarlik turi | BHM | Jarima miqdori | 1-sentabrdan |
|---|---|---|---|
| Kriptoaktivlar muomalasi sohasida litsenziyasiz faoliyat yuritish | 25 ming | 10,3 mlrd so‘m | 11 mlrd so‘m |
| Shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish talablariga rioya qilmaslik | 15 ming | 6,18 mlrd so‘m | 6,6 mlrd so‘m |
| Noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish | 15 ming | 6,18 mlrd so‘m | 6,6 mlrd so‘m |
| Kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi reklama talablarini buzish | 10 ming | 4,12 mlrd so‘m | 4,4 mlrd so‘m |
Sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ILMA xodimlaridan iborat, toq sondagi a’zolarga ega maxsus ishchi komissiya tomonidan qabul qilinadi. Komissiya tarkibi agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi, yig‘ilishlar esa zaruratga qarab o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab olti oy ichida, biroq u sodir etilgan sanadan e’tiboran uch yildan kechiktirmay javobgarlikka tortish mumkin. Muddat komissiya xulosasi rasmiylashtirilgan paytdan boshlab hisoblanadi. Xorijiy platformalar tinglovlarda o‘z vakilini ishtirok ettirish huquqiga ega. Yig‘ilish sanasi haqida kamida besh ish kuni oldin xabarnoma yuboriladi.
Qarorlar komissiya a’zolarining ochiq ovoz berishi orqali oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolsa, raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Sanksiyani tasdiqlashdan oldin komissiya bir qator holatlarni inobatga olishi shart. Jumladan, qoidabuzarlikning takroriyligi (ikki va undan ortiq marta sodir etilishi) va davomiyligi, uning raqamli aktivlar foydalanuvchilariga ta’siri hamda jazoni qo‘llash orqali vaziyatni bartaraf etish ehtimoli baholanadi. Shuningdek, avval qo‘llangan sanksiyalarning samaradorligi va platformaning kamchiliklarni mustaqil bartaraf etishga uringani ham hisobga olinadi.
Qaror qabul qilingach, regulyator uch ish kuni ichida tashkilotga to‘lov miqdori, muddatlari va bank rekvizitlari ko‘rsatilgan ko‘chirmani yuboradi. Jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun 15 kun muddat beriladi. Belgilangan muddatda mablag‘ to‘lanmasa, agentlik uni sud orqali majburiy undirish jarayonini boshlaydi.
Qarordan norozi tomonlar 15 kun ichida agentlik huzuridagi Apellyatsiya kengashiga murojaat qilishi yoki bevosita sudga da’vo arizasi kiritishi mumkin. Ichki shikoyat 15 kun davomida ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng sanksiya bekor qilinadi yoki o‘z kuchida qoldiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ