Kripto-provayderlar ulushini sotish va rahbariyatni almashtirish faqat ILMA roziligi bilan amalga oshiriladi
Shuningdek, kompaniyalarga FATF talablariga rioya qilmaydigan davlatlar fuqarolarini rahbar lavozimlariga tayinlash taqiqlandi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda kripto aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi xizmat ko‘rsatuvchilar uchun yangi talablar joriy etildi. Endilikda ular ustav kapitalidagi ulushni sotish hamda rahbariyatni almashtirishdan oldin Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) roziligini olishi shart. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ILMA virtual aktivlar bozorida faoliyat yurituvchi tashkilotlarni litsenziyalash tartibiga o‘zgartirishlar kiritgan. Yangilangan hujjat kripto-xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun qo‘shimcha majburiyatlarni belgilaydi.
Yangi talablarga ko‘ra, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi xalqaro standartlarga rioya qilmaydigan davlatlar fuqarolari yoki ushbu mamlakatlarda doimiy yashovchi shaxslar kripto-provayderlarga rahbarlik qila olmaydi.
Shuningdek, kompaniyalar qator korporativ qarorlarni amalga oshirishdan oldin ILMAning roziligini olishi lozim bo‘ladi. Jumladan, ustav kapitalidagi ulushni mahalliy yoki xorijiy investorlarga sotish faqat agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bosh direktor, uning o‘rinbosarlari hamda moliyaviy xavfsizlik yo‘nalishiga mas’ul rahbarni tayinlash yoki almashtirish ham oldindan ILMA bilan kelishilishi shart.
Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida rozilik berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Mazkur xizmat bepul ko‘rsatiladi va buning uchun davlat boji undirilmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ