Oʻzbekistondagi korxona va tashkilotlar soni uch yilda 115 mingtaga kamaydi
Mamlakatda kichik biznes korxonalari hissasi 80% dan ortgan
Oxirgi uch yilda mamlakatda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni qariyb 115 mingtaga qisqardi. Bu raqamlar Statistika qoʻmitasi eʼlon qilgan maʼlumotlardan kelib chiqadi.
2025-yil 1-noyabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 465,9 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu oxirgi besh yil ichidagi eng past koʻrsatkich. Masalan, 2021-yil mos davrida mazkur raqam 540,1 mingta edi. 2022-yil 1-noyabrda esa 581 mingtaga yetgan. 2023-yil noyabrida esa 490,4 mingta, 2024-yil mos davrida 469,4 mingta qolgan.
Korxona va tashkilotlar ulushining asosiy qismi tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi. Xususan, 80% dan ortiq ulush kichik biznes korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi.
Hududlar boʻyicha taqsimot
Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning 106,9 mingdan ortigʻi Toshkent shahrida joylashgan. Bu respublikadagi umumiy koʻrsatkichning deyarli toʻrtdan bir qismiga teng. Qolgan hududlardagi raqamlar mamlakatdagi jami korxona va tashkilotlarning 10% iga ham yetmaydi. Misol uchun, son jihatda ikkinchi oʻrinni egallagan Toshkent viloyatida 45,2 mingta (9,7%), uchinchi oʻrindan joy olgan Samarqand viloyatida 40,1 mingta (8,6%) korxona qayd etilgan.
Respublika miqyosidagi eng kam korxona va tashkilotlar Sirdaryo viloyatida ekani bildirilgan — 11,8 mingta.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, mamlakat boʻyicha xorijiy investitsiyalar asosida ishlayotgan korxonalarning 63,7%i Toshkent shahrida joylashgan. Viloyatlar orasida esa Toshkent (12,8%), Samarqand (3,7%) va Fargʻona (3,4%) ulushi nisbatan yuqori.
Sohalar kesimida
Mamlakatda uchta tarmoq umumiy korxonalarning yarmidan ortiq ulushini band etgan. Xususan, korxona va tashkilotlarning deyarli uchdan bir qismi — 151,4 mingtasi (32,5%) savdo bilan shugʻullanadi. Yana 58,5 mingtasi (12,6%) sanoat, 33,8 mingtasi (7,3%) qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi boʻyicha ishlaydi.
Qurilish (6,4%), yashash va ovqatlanish xizmatlari (6,4%) ulushi keyingi oʻrinlarni egallagan.
Oʻzbekistondagi 399,8 ming korxonadan 313 mingtasi (78,3%5) masʼuliyati cheklangan jamiyat sifatida ishlamoqda. Mamlakatda 17,6 mingta korxona chet el investitsiyalari ishtirokida faoliyat yurityapti.
Respublikada xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bir yilda 2,3 mingtaga (15%) koʻpaygan. Oʻsish asosan savdo, sanoat va qurilish sohalari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yurituvchi korxonalarning asosiy qismi (4,7 mingta) Xitoyga tegishli ekani maʼlum qilingan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ