O‘zbekistonda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzlarni undirish tartibi soddalashtirildi

Shuningdek, fuqarolar bank hisoblaridan mablag‘ yechib olish taqiqlanadi, ammo ish haqi va pensiyadan undirish saqlab qolindi

O‘zbekistonda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzlarni undirish tartibi soddalashtirildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni kommunal xizmatlar, uy-joy egalari badallari va 5 BHMgacha bo‘lgan qarzlarni soddalashtirilgan tartibda undirish imkonini beruvchi qonunni imzoladi.

Rasman e’lon qilingan paytdan kuchga kirgan hujjat “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 12-avgustda qabul qilinib, 31-oktabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan.

Asosiy yangilik — ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etiladigan undiruvlar ro‘yxatining kengaytirilgani bo‘ldi. Endi ushbu ro‘yxatga ma’muriy jarimalar va soliq qarzdorligidan tashqari quyidagilar ham kiritildi:

  • kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlik;
  • ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik (shirkat yoki boshqaruv kompaniyalariga to‘lanadigan badallar, ya’ni kvartplata);
  • pochta va videokonferensaloqasi xarajatlari;
  • BHMning 5 baravaridan oshmaydigan (2,06 mln so‘mgacha) har qanday undiruv summalari.

Qonunga ko‘ra, soddalashtirilgan tartib avvalgidek jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etish to‘g‘risidagi va darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tuzatishlarga muvofiq, ushbu qarzlar soddalashtirilgan ijro tizimiga kiritilgan bo‘lsa-da, ular bo‘yicha jismoniy shaxslarning bank hisobvaraqlaridan mablag‘larni majburiy tarzda yechib olish taqiqlandi. Bu o‘zgartirish davlat ijrochilarining vakolatlarini cheklab, ularni mazkur toifadagi qarzdorliklar bo‘yicha fuqarolarning bank kartalari yoki hisobvaraqlaridan mablag‘ni avtomatik tarzda yechib olish imkoniyatidan mahrum etadi.

Shu bilan birga, mazkur qarzdorliklar ijro hujjatlari asosida qarzdor jismoniy shaxsning ish haqi, stipendiyasi, pensiyasi va boshqa turlardagi daromadlaridan undirilishi mumkin. Bunda undiruv miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oshmasligi kerak.

Kapital.uz avvalroq 1-iyuldan ko‘p kvartirali uy uchun badal vaqtida to‘lanmaganda elektr to‘lovlari vaqtincha to‘xtatilishi haqida xabar bergandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Mirziyoyev Markaziy Osiyo uchun “Toza havo” konsorsiumini tuzishni taklif qildi
/
Mirziyoyev Markaziy Osiyo uchun “Toza havo” konsorsiumini tuzishni taklif qildi
Hamkorbankning 0,004% lik aksiyalari birjada sotuvga qo‘yildi
/
Hamkorbankning 0,004% lik aksiyalari birjada sotuvga qo‘yildi
O‘zbekistonda avtomobil savdosi mart oyida keskin oshdi
/
O‘zbekistonda avtomobil savdosi mart oyida keskin oshdi