Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi
Inventarizatsiya ishlari Davlat kadastrlari palatasi muhandislari tomonidan o‘tkaziladi
Adliya vazirligi ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilovchi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjatga ko‘ra, texnik inventarizatsiya ko‘chmas mulkning maydoni, tarkibi, texnik tavsiflari va amaldagi holatini aniqlash, shuningdek, uning kadastr yig‘majildini shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.
Inventarizatsiya ishlari Davlat kadastrlari palatasi muhandislari yoki malaka shahodatnomasiga ega kadastr muhandislari tomonidan o‘tkaziladi. Jarayon birlamchi va qayta inventarizatsiya shakllarida tashkil etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, texnik inventarizatsiya dastlabki kameral ishlar, dala ishlari hamda dala ishlaridan keyingi kameral ishlar bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Dala ishlari vaqtida mutaxassislar obyekt joylashgan hududga chiqib, uning o‘lchamlarini aniqlaydi, konstruktiv elementlari va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘rganadi.
Inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulkning umumiy va foydali maydoni, hajmi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlari hisoblab chiqiladi. Obyekt rejalari esa 1:50, 1:100, 1:150 yoki 1:200 masshtabda elektron shaklda tayyorlanadi.
Shuningdek, texnik inventarizatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolar va tashkilotlar Kadastr agentligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ