Farg‘onadagi 10 ta hududda kichik omborxonalar qurilib, dehqonlarga imtiyozli lizingga beriladi
Eskirgan 5,5 ming gektar bog‘lar va foydalanilmayotgan 6 ming gektar yerda 300 ming tonna meva-sabzavot yetishtiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Farg‘ona viloyatida 2026-yil I chorak yakuniga ko‘ra inflyatsiya yillik hisobda 7,5% gacha pasaygan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich respublika darajasidan yuqori bo‘lib qolmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, iste’mol savatiga kiruvchi 517 turdagi tovar va xizmatlarning 480 tasi viloyatning o‘zida ishlab chiqariladi. Shu bois mahsulot hajmini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Viloyatda 370 ming gektar sug‘oriladigan yer, jumladan 55 ming gektar bog‘ va tokzorlar mavjud. Shu bilan birga, 37 ming gektar qir va adir hududlari ham bor. Hozirda 5,5 ming gektar bog‘ va tokzor eskirgan, yana 6 ming gektar yer foydalanilmayapti. Ushbu zaxiralar hisobiga qo‘shimcha 300 ming tonna meva-sabzavot yetishtirish va iqtisodiyotga 2 trln so‘m qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Prezident Farg‘ona, Yozyovon, Quva va O‘zbekiston tumanlarida 7,4 ming gektar paxta-g‘alla maydonlarini qisqartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Ularning o‘rnida Farg‘ona va O‘zbekiston tumanlarida 4,4 ming gektarda o‘rik, olxo‘ri, bodom va malina plantatsiyalari barpo etish, Quvada 1,2 ming gektarda gilosning eksportbop navlarini ekish, Yozyovonda esa 1,8 ming gektarda yuqori hosilli sholi plantatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Yozyovonda sholichilik maktabini tashkil etib, 100 gektar suv yuzasida kassetali usulda organik sholi yetishtirishni sinov tariqasida boshlash topshirildi.
Viloyatda kam hosilli 50 ming gektar paxta va g‘alla yerlari hamda samarasiz bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur ishlab chiqiladi. Dastlabki bosqichda 10 ming gektar sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etish uchun texnik-iqtisodiy asos tayyorlash va dehqonlarga imtiyozli kredit yoki lizing asosida tayyor bog‘lar ajratish mexanizmini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Farg‘ona tumanida 15 ta mahalladagi 5 mingdan ortiq xonadon tomorqalarda malina yetishtirmoqda. Biroq hosilni saqlash infratuzilmasi yetishmasligi sabab mahsulot 2–3 kun ichida sotilmasa, narxi 20% gacha pasayib ketmoqda.
Shu munosabat bilan Farg‘ona tumanidagi 10 ta mahallada 50–100 tonnalik kichik omborxonalar qurib, ularni dehqonlarga imtiyozli lizing asosida berish topshirildi.
Umuman, joriy yilda viloyatda 611 ming tonna meva, 252 ming tonna uzum, 1,8 mln tonna sabzavot va 119 ming tonna sholi yetishtirish, meva-sabzavot eksportini 25% ga oshirib, $500 mln ga yetkazish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ