Markaziy bank kichik biznes uchun yangi skoring tizimi va moliyaviy platformani ishga tushirishni rejalashtirmoqda
Yangi platforma orqali tadbirkorlar banklarga murojaat qilmaydi — banklarning o‘zi ishonchli mijozlar uchun raqobat qiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Avvalroq xabar qilinganidek, 25-may kuni Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov Oʻzbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida so‘nggi yillarda kichik biznesni kreditlash hajmi sezilarli oshgani, oxirgi ikki yil ichida esa o‘sish sur’atlari deyarli ikki barobarga ko‘payganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ularning iqtisodiyotdagi ulushi barqaror saqlanib, YAIMning taxminan 12%ini tashkil etmoqda.
2030-yilgacha kichik biznes kredit portfelini YAIMning 20%igacha oshirish rejalashtirilgan — hozirgi 218 trln so‘mdan 654 trln so‘mgacha. Bu ko‘rsatkich rivojlanayotgan davlatlar tajribasi asosida shakllantirilgan bo‘lib, ularda shunga o‘xshash ko‘rsatkichlar 7%dan 22%gacha bo‘lgan oraliqda qayd etiladi.
Bank tizimi va tadbirkorlikdagi asosiy muammolarni raqamlashtirish orqali hal etish rejalashtirilmoqda. Xususan, Markaziy bank banklar uchun muqobil skoring modelini ishlab chiqmoqda. U mijozlarni 27 ta vazirlik va idoralardan olinadigan ma’lumotlar asosida baholaydi. Bunga kommunal to‘lovlar, soliq va bojxona organlari bilan o‘zaro munosabatlar ham kiradi.
Avvalroq Shuhratbek Qurbonov Markaziy bank tizimidagi “Simple Smart Systems” kompaniyasi ya’ni kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bozorini texnologik transformatsiya qilishga ixtisoslashgan davlat korxonasi rahbari etib tayinlangandi.
Shuningdek, kichik biznes uchun moliyaviy marketpleys yaratish ustida ham ish olib borilmoqda. U moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Biz ushbu platforma oldiga ikki maqsad qo‘yganmiz. Birinchisi — tadbirkorlar bankma-bank yurib, o‘zining kreditga layoqatini isbotlamasin, aksincha banklarning o‘zi yaxshi va ishonchli mijozlar uchun raqobat qilsin. Ikkinchisi — past skoringga ega mijozlarni moliyaviy intizomni oshirishga rag‘batlantirish. Agar mijozning skoringi past bo‘lsa, tizim bunga nima sabab bo‘lganini, qaysi moliyaviy munosabatlarda xatolarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadi. Xudo xohlasa, platformani 1-iyundan ishga tushirib, bosqichma-bosqich imkoniyatlarini kengaytiramiz, — dedi u.
Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov 2030-yilgacha kichik biznes kredit portfelini uch barobarga oshirish maqsadini “juda katta ambitsiyali” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim banklar o‘rtasida sifatli qarz oluvchilar uchun raqobatni kuchaytiradi, tadbirkorlarni esa kredit tarixini shakllantirish va moliyaviy intizomga rioya qilishga undaydi.
Prezident loyihani ma’qullab, bu faqat birinchi bosqich ekanini ta’kidladi. U har 6–9 oyda yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish va platforma faoliyatini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Ikkinchi bosqichda esa “O‘zbekkosmos” agentligi imkoniyatlaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi uchun alohida skoring tizimini ishlab chiqish ham rejalashtirilmoqda.
iHamkor ma’lumotlariga ko‘ra, “Simple Smart Systems” kompaniyasi 2026-yil aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib, ma’lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash xizmatlari bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav kapitali 57,25 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Kompaniya to‘liq Markaziy bank tuzilmalari — Bosh axborotlashtirish markazi (95%) va “Garov Reestri” MChJ (5%) tasarrufiga tegishli.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ