“Kelajak uchun” forumida eng yaxshi 50 ta tashabbus saralab olindi
Prezidentga plastik chiqindilardan yo‘l qurish va sun’iy intellekt asosidagi yechimlar kabi loyihalar taqdim etildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumi doirasida saralab olingan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Tadbir aholining, ayniqsa yoshlar va tashabbuskor fuqarolarning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni amaliy loyihalarga aylantirish maqsadida tashkil etildi.
Forum davlat rahbarining 2025-yil 14-iyuldagi farmoni asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi jamoatchilik tomonidan ilgari surilayotgan dolzarb tashabbuslarni saralash, qo‘llab-quvvatlash va amaliyotga tatbiq etishdan iborat. Shu maqsadda kelajakuchun.gov.uz kraudplatformasi ishga tushirilgan. U orqali fuqarolar o‘z tashabbuslarini taqdim etish, muhokama qilish va ekspertlar bahosidan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Joriy yilgi forumda tadbirkorlik va bandlikni rivojlantirish, ekologiya, suv ta’minoti va “yashil” energetika, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, tibbiyot va ta’lim sifati hamda sud-huquq tizimini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Forum e’lon qilingach, aholidan 1,3 mingdan ortiq taklif va tashabbus kelib tushdi. Ular dastlab Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda Biznesni rivojlantirish banki tomonidan ko‘rib chiqildi. Keyinchalik mentorlar va sohaviy ekspertlar ishtirokida tashabbuslar amaliy ahamiyati, ijtimoiy-iqtisodiy samarasi va joriy etish imkoniyatlari bo‘yicha baholandi. Natijada eng dolzarb loyihalar orasidan “TOP-50” va “TOP-10” ro‘yxatlari shakllantirildi.
Forumning birinchi kunida “TOP-10” tashabbus mualliflari sertifikat va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Prezidentga taqdim etilgan loyihalar orasida yo‘l qurilishida plastik chiqindilardan foydalanish, innovatsion havo tozalash qurilmasini yaratish, chekka hududlarni mobil qurilmalar yordamida energiya bilan ta’minlash, piyodalar yo‘laklarida avtomatlashtirilgan ogohlantirish tizimini joriy etish hamda milliy muhandislik platformasini ishlab chiqish kabi tashabbuslar o‘rin oldi.
Loyihalar tegishli vazirlik va idoralarga biriktiriladi, ularning ijrosi bo‘yicha alohida reja ishlab chiqilib, bajarilishi tizimli nazorat qilinadi. Davlat rahbari har bir tashabbus amaliy natija berishi, iqtisodiy samara keltirishi va odamlar hayotida real foyda yaratishi muhimligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ