“KazTransOil” 1-martdan O‘zbekistonga neft tranziti tarifini oshiradi
Rossiya neftini tranzit qilish narxi bir tonna uchun $28 dan oshadi
2026-yil 1-martdan boshlab “KazTransOil” Rossiya nefti va Qozog‘iston xomashyosini eksport qilish bo‘yicha yangilangan tariflarni joriy etadi. Bu haqda Kazinform xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga tranzit qilinadigan neftni quvur orqali uzatish narxi 0,4% ga oshiriladi. Endilikda bir tonna xomashyoni tashish qiymati QQSsiz $28,02 ni tashkil etadi.
Shuningdek, Shag‘ir punktida neftni temiryo‘l sisternalariga quyish xizmati Rossiya yetkazib beruvchilari uchun 14% ga qimmatlab, $0,96 ga yetadi. Qozog‘iston kompaniyalari uchun esa ushbu xizmat narxi 84% ga oshib, $1,02 atrofida bo‘ladi.
Bundan tashqari, Qosimov nomidagi neft nasos stansiyasida eksport hajmlarini Kenkiyak — Atyrau quvuriga uzatish xizmati 0,8% ga oshib, bir tonna uchun $0,16 ni tashkil etadi. Eng katta o‘sish sisternalardan neftni tushirish xizmatida kuzatiladi — bu tarif 130% ga qimmatlab, $3,38 ga yetadi.
Eslatib o‘tilishicha, 2025-yil dekabr oyida Qozog‘iston O‘zbekistonga tranzit neft yetkazib berishni qayta boshlagan va 35 ming tonna xomashyo uzatish rejalashtirilgan edi.
Yangi tariflar energetika sohasidagi logistika xarajatlariga va import narxlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ