O‘zbekiston Kaspiyda yuk tashish uchun Turkmanistondan kemalar xarid qilishni rejalashtirmoqda
Transport vaziri aytishicha, bu orqali 30-4- kunlik tirbandlik kamayadi
O‘zbekiston uchun Turkmaniston va Ozarbayjon transport va logistika sohasida muhim ahamiyatga ega, chunki har ikki davlat O‘rta (Transkaspiy) koridorning muhim ishtirokchilari hisoblanadi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Har ikkala davlat ham port infratuzilmasiga ega bo‘lib, Kaspiy dengizi orqali o‘z vaqtida va xavfsiz o‘tishni hamda tashishni ta’minlab kelmoqda. Shu bois ular muhim rol o‘ynaydi, — dedi vazir.
Transport vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning ushbu davlatlar bilan transport sohasida aloqalari hozirda “juda muvaffaqiyatli va ijobiy” rivojlanmoqda. O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi uch tomonlama sammit yakunlari bo‘yicha tomonlar transport va logistika sohasida hamkorlik memorandumi imzoladi.
Hujjat transport va logistika sohasida qo‘shma kompaniyalar tashkil etishni nazarda tutadi.
Korxonalar yuklarni uzluksiz va o‘z vaqtida o‘tkazish, transport-ekspeditorlik xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, yuklarni ham O‘zbekistondan tashib chiqish, ham O‘zbekistonga olib kirish, ham mamlakat orqali tranzit qilib o‘tkazish uchun muayyan imtiyozlar yaratadi, — dedi Ilhom Mahkamov.
Mahkamov turkmanistonlik hamkasblari bilan kemasozlik sohasidagi kelishuvlar haqida alohida ma’lumot berdi. U va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Memmetkan Chakiyev kemasozlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladi.
Biz turkmanistonlik hamkasblarimiz bilan kemasozlik masalalarini rivojlantirish bo‘yicha hujjat imzoladik. O‘zbekistonga keladigan bo‘lsak, hozirgi kunda Kaspiy dengizida paromlar orqali xizmat ko‘rsatishni rejalashtiryapmiz. Kaspiy orqali tashish hajmi oshganini hisobga olganda, 30−40 kunlik tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Kelgusida Kaspiyda paromlar bilan ishlash orqali o‘zbek yuklarini Kaspiy orqali tezroq o‘tkazish imkonini beramiz, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkmanistonda xuddi Ozarbayjondagi kabi kemasozlik zavodi mavjud va O‘zbekiston kemalar olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ