O‘zbekistonda xususiy kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga $100 mln yo‘naltiriladi
Nodavlat ta’lim markazlari uchun bojxona imtiyozlari, subsidiyalar va 7 yilgacha kreditlar joriy etiladi
Фото: пресс-служба президента
O‘zbekistonda xususiy kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirish uchun joriy yil yakuniga qadar $100 mln jalb etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yaqin uch yil ichida xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalari sonini 50 tadan 200 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Har yili kasb-hunar ta’limi bilan qamrab olinadigan fuqarolar sonini hozirgi 45 ming nafardan 500 ming nafargacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Maqsadlarga erishish uchun 300 dan ortiq o‘quv dasturi qayta ko‘rib chiqiladi, mingdan ziyod pedagog malaka oshirish kurslaridan o‘tkaziladi. Mazkur tashabbuslarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 mlrd so‘m ajratiladi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi. Jumladan, ular inventar va texnikalarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Xorijiy o‘qituvchilar va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi.
Shuningdek, davlat xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50% ini, kompetensiyalarni baholash uchun uskunalar va dasturiy ta’minot xaridiga sarflanadigan mablag‘larning 30% ini, xalqaro sertifikatlarni olish xarajatlarining esa 50% ini qoplab beradi.
Tadbirkorlarga ikki yillik imtiyozli davr bilan yetti yilgacha kreditlar taqdim etiladi. Bino qurish, ta’mirlash yoki zarur texnika xarid qilish uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 7% i budjet hisobidan qoplanadi. Bunda davlat ko‘magidan foydalanish uchun ta’lim muassasalari maydonlarining kamida 60% i amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga ajratilishi lozim.
Bundan tashqari, tadbirkorlar yer uchastkalarini besh yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash asosida xarid qilishi, foydalanilmayotgan davlat obyektlarini xuddi shunday muddatga ijaraga olishi hamda texnikumlardagi bo‘sh binolardan bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Yil yakuniga qadar mustaqil ta’lim markazlarini jihozlash dasturi uchun $100 mln jalb qilinadi. Bundan tashqari, bitiruvchilar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida $5 mlnlik venchur jamg‘arma tashkil etiladi.
Joriy yildan boshlab kasbiy vaucherlar dasturi har yili 20 mlrd so‘m miqdorida barqaror moliyalashtiriladi. Shuningdek, sohada maxsus assotsiatsiya tashkil etilib, davlat organlari bilan raqamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yuvchi “Ko‘nikmalar parki” platformasi ishga tushiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ