Markaziy bank kapitalni xorijga chiqarish tartibini yengillashtiradi

Investorlar xorijdagi kompaniyalarni regulyator ruxsatisiz moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin

Markaziy bank kapitalni xorijga chiqarish tartibini yengillashtiradi

O‘zbekistonda fuqarolar va yuridik shaxslar uchun biznes maqsadida xorijga mablag‘ o‘tkazish tartiblarini soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Tegishli ma’lumot Markaziy bankning davlat muhokamasi portaliga joylashtirilgan qaror loyihasida keltirilgan.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga taalluqli bo‘lib, asosiy yangilik ayrim pul o‘tkazmalarini amalga oshirish uchun oldindan ruxsat olish talabining bekor qilinishi hisoblanadi.

Loyihaga ko‘ra, fuqarolar xorijdagi kompaniyalarning ustav kapitalida ishtirok etish yoki ulardan ulush sotib olish uchun yiliga $10 minggacha mablag‘ yuborishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarga xorijdagi investitsion va brokerlik hisoblarini to‘ldirish imkoniyati ham yaratiladi. Biroq investitsiya vositachilariga valyuta o‘tkazmalari faqat tegishli litsenziyaga ega kompaniyalar orqali amalga oshiriladi.

Davlat ulushi mavjud korxonalar uchun xorijga investitsiya kiritish, savdo uylari va filiallar ochish bo‘yicha yillik limit $100 ming etib belgilanishi taklif qilinmoqda. Nodavlat sektor korxonalari uchun esa bu ko‘rsatkich $200 mingni tashkil etadi.

Bundan tashqari, xorijdagi vakolatxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash tartibi ham yengillashtiriladi. Xususiy biznes yiliga $100 minggacha, davlat kompaniyalari esa $50 minggacha mablag‘ yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.

AQSh hududida biznes ochish yoki unda ishtirok etish uchun mablag‘ o‘tkazishga oid amaldagi tartib o‘zgarishsiz qoladi. Bu norma AQShdagi filiallarni bank hisoblaridagi mavjud qoldiqlar hisobidan moliyalashtirishga ham tatbiq etiladi.

Bank tizimidagi moliyaviy operatsiyalar amaldagi qonunchilik asosida tartibga solinishda davom etadi. Boshqa turdagi operatsiyalar esa Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Barcha operatsiyalar FERUz yagona tizimi orqali majburiy hisobga olinadi. Mahalliy investorlar xorijdagi faoliyati yuzasidan har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi banklariga hisobot taqdim etishi shart bo‘ladi, banklar esa bu ma’lumotlarni regulyatorga yuboradi.

Hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik holatlarida kapital harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Investitsiya shartlaridagi har qanday o‘zgarish qo‘shimcha kelishuv orqali rasmiylashtirilib, 10 kundan kechiktirmasdan bankka topshirilishi kerak bo‘ladi.

Mazkur loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 5-iyungacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz $500gacha naqd xorijiy valyuta xarid qilishga ruxsat berilgan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $26 mlrddan oshdi
/
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi $26 mlrddan oshdi
Markaziy bank kichik biznes uchun yangi skoring tizimi va moliyaviy platformani ishga tushirishni rejalashtirmoqda
/
Markaziy bank kichik biznes uchun yangi skoring tizimi va moliyaviy platformani ishga tushirishni rejalashtirmoqda
“UzChasys” zavodining 70% lik davlat ulushi qariyb 333 mlrd so‘mga sotildi
/
“UzChasys” zavodining 70% lik davlat ulushi qariyb 333 mlrd so‘mga sotildi