O‘zbekistonda kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi
Hujjatda fyuchers, svop va sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etish, banklarga ta’minlangan obligatsiyalar chiqarish huquqini berish nazarda tutilgan
Фото: пресс-служба президента
22-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjat 16 bob va 123 moddadan iborat bo‘lib, kapital bozorini zamonaviy standartlar asosida tartibga solish, investorlar huquqlarini himoya qilish hamda yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etishga qaratilgan.
Qonun loyihasi ustidagi ishlarni jadallashtirishga O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining may oyida London va Toshkent fond birjalarida aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirgani (IPO) ham turtki bo‘ldi. Bu mamlakat tarixidagi ilk shunday IPO bo‘ldi.
O‘zbekiston kapital bozoriga nisbatan Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) ham qiziqish bildirmoqda. Mazkur institutlar mahalliy fond bozorida milliy valyutadagi obligatsiyalarni chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Qonun loyihasida Xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA) standartlari asosida hosilaviy moliyaviy instrumentlar — opsionlar, svoplar, fyucherslar va forvardlarni joriy etish, shuningdek, netting bitimlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, banklarga ta’minlangan obligatsiyalar hamda ipoteka majburiyatlari bilan ta’minlangan maxsus obligatsiyalarni chiqarish huquqini berish rejalashtirilmoqda. Bu uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish va ipoteka bozorini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ilk bor islomiy qimmatli qog‘ozlar — sheriklik, ijara, savdo va agentlik tamoyillariga asoslangan to‘rt turdagi sukukni chiqarish shartlari belgilanmoqda.
Infratuzilma qismida Markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysiga dividendlarni markazlashgan tartibda to‘lash va xorijiy banklarda korrespondent hisobvaraqlar ochish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan.
Moliyaviy tashkilotlar mijozlarning qimmatli qog‘ozlarini saqlash va hisobini yuritish bo‘yicha professional xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, xorijiy nominal saqlovchilarning mahalliy bozorga kirishi soddalashtirilib, bu xorijiy institutsional investorlar oqimini kengaytirishi kutilmoqda.
Regulyator vakolatlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, qonunbuzarliklarga tezkor munosabat bildirish, bozor shaffofligini oshirish va investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ham o‘zgarishlar nazarda tutilgan.
Milliy kompaniyalar aksiyalarini xalqaro moliya bozorlariga chiqarish maqsadida 10 dan ortiq qonun va kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident mas’ul shaxslarga “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasining yangi tahririni xalqaro hamkorlar bilan muhokama qilish, bozor infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ