Yangi qonun qabul qilingach kapital bozori o‘sishi $1 mlrdgacha tezlashishi kutilmoqda
ILMA emissiya hajmini 5 trln so‘mgacha oshirishni va 2030-yilgacha bozorni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda
Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (ILMA) yangi qonun qabul qilingach kapital bozori sezilarli darajada o‘sishini kutmoqda. Bu haqda Kapital.uz muxbiri xabar bermoqda.
ILMA vakillari prognozlarni shakllantirishda Qozog‘iston hamda tartibga solish “qum qutisi”ga kiritilgan yana 37 ta davlat tajribasi o‘rganilganini ta’kidladi. Qozog‘iston tajribasi bozorlar yaqinligi, shuningdek, infratuzilma va normativ bazaning o‘xshashligi sababli alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, xorijiy tajriba O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilmoqda.
ILMA ma’lumotlariga ko‘ra, prognozlar ikki metodologiya — top-down va bottom-up asosida ishlab chiqilgan. Birinchi holatda inflyatsiya kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisobga olingan bo‘lsa, ikkinchi holatda potensial emitentlar va investitsiya vositachilari bilan ishlash jarayonida olingan ma’lumotlardan foydalanilgan.
Agentlik bozorda qaysi moliyaviy vositalarga talab mavjudligi, potensial emitentlar qanday mahsulotlarni chiqarishga tayyorligi va investorlar tomonidan ularga qancha talab borligini o‘rgangan. Hisob-kitoblar har bir moliyaviy vosita va yillar kesimida amalga oshirilgan.
Bunda ILMA muayyan emitentlar va investitsiya vositachilarining nomlarini oshkor qilmayapti. Chunki bunday ma’lumotlarni e’lon qilish tomonlarning ma’lumotlarni oshkor etish bo‘yicha kelishuvlarini buzishi mumkin.
Agentlik yangi qonun qabul qilinishini bozor rivojlanishini tezlashtiruvchi omillardan biri sifatida baholamoqda. 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategiya doirasida kapital bozoridagi emissiya hajmini $1 mlrdgacha, umumiy emissiya hajmini esa 5 trln so‘mgacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Konferensiyada ayrim moliyaviy vositalar va yillar bo‘yicha aniqroq prognoz ko‘rsatkichlari oshkor etilmasligi, biroq hisob-kitoblar potensial emitentlarni hisobga olgan holda allaqachon amalga oshirilgani qayd etildi.
ILMA shuningdek, pensiya jamg‘armasi yangi qonun doirasida ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi. Chunki pensiya tizimi masalalari mazkur qonunning tartibga solish predmetiga kirmaydi. Alohida pensiya islohoti o‘tkazilgan taqdirda esa jamg‘arma kapital bozoridagi yirik institutsional investorga aylanishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ