Kelgusida kadastr xizmatlarida “bitta ariza – bitta toʻlov” tamoyili joriy etilishi mumkin
Yangi tizim orqali yiliga 500 mingta ko‘chmas mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish bir necha soniyada amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish, xizmatlarni soddalashtirish va hududiy bo‘linmalar vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda so‘nggi ikki yilda 1,2 mln dan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilgani, buning natijasida qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer va 49 mln kvadrat metr qurilish maydoni aniqlangani qayd etildi. Shuningdek, 270 ming obyekt kadastr bazasiga kiritilib, budjet uchun yiliga 315 mlrd so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratilgan.
Shu bilan birga, tizimdagi muammolar ham ko‘rsatib o‘tildi. Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan 1 mln dan ortiq arizaning 330 mingtasi, ya’ni qariyb 30% rad etilgan. Natijada fuqarolar ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashi, turli idoralarga qayta murojaat qilishi hamda korrupsiyaviy xavflar yuzaga kelayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, ayrim xizmatlarni olish uchun fuqarolar bir necha marotaba ariza topshirishi va har safar alohida to‘lov qilishi talab etilayotgani qayd etildi. Masalan, bitta hovlini aka-ukalar o‘rtasida bo‘lish uchun to‘rtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza talab qilinadi.
Taqdimotda kadastr xizmatlarini “bitta ariza – bitta toʻlov” tamoyili asosida tashkil etish taklif qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq paydo bo‘lganda ariza avtomatik shakllantiriladi va xizmat proaktiv ko‘rsatiladi. Natijada yiliga 1,2 mln fuqaroning vaqti hamda mablag‘i tejaladi, barcha kadastr xizmatlari bitta ariza asosida ko‘rsatiladi va yiliga 200 mingta ortiqcha ariza qisqartiriladi.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada hozirda 10–15 kun davom etayotgan jarayonni bir necha soniyada yakunlash imkoniyati yaratiladi.
Prezidentga respublika, viloyat va tuman darajasidagi Kadastr palatasi hamda xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini birlashtirish, shuningdek, respublika apparatidagi xodimlarning kamida 30%ini tumanlarga o‘tkazish taklif qilindi.
Bu orqali hududiy bo‘linmalarning mustaqilligi va mas’uliyatini oshirish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, fuqarolar sarson bo‘lmasligi uchun bir hafta ichida “Kadastr maslahat burchagi” va “Tezkor kadastr” xizmatlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Taqdimotda ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirish bo‘yicha ham takliflar ma’qullandi.
Xususan, 2018-yilgacha noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qo‘llamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish hamda ko‘chmas mulk huquqini belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘tkazmagan fuqaroga birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish taklif qilindi.
Prezident mutasaddilarga kadastr xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha bosqich va to‘lovlarni qisqartirish, qaror qabul qilish vakolatlarini quyi bo‘g‘inga tushirish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ