Jamshid Xo‘jayev: O‘zbekistonda energetika sohasiga $35 mlrd investitsiya jalb qilindi
So‘nggi yillarda mamlakatda 9 GVt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirilgan
Foto: Energetika vazirligi
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev “O‘zbekiston energetika haftaligi” forumida energetika sohasiga kiritilgan yirik investitsiyalar va erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mamlakat energetika tarmog‘iga qariyb $35 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilingan.
Jamshid Xo‘jayevning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida energetika sohasi xususiy investorlar uchun ochilib, davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlari joriy etilgan. Shu bilan birga, investorlar uchun shaffof qoidalar yaratilgan va yirik loyihalar amaliy bosqichga olib chiqilgan.
Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatda 9 gigavatt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirilgan. Natijada O‘zbekistonning umumiy elektr generatsiyasi quvvati 25,8 gigavattga yetgan.
Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli oshgan. So‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi qariyb 40% ga ko‘payib, 60 mlrd kilovatt-soatdan 85 mlrd kilovatt-soatga yetgani ma’lum qilindi.
Yashil energetika sohasida quyosh va shamol elektr stansiyalari quvvati 5,5 gigavattdan oshdi. Gidroenergetika bilan birgalikda toza energiyaning umumiy energetika balansdagi ulushi 30% ga yetdi.
Shuningdek, aholi xonadonlari, ijtimoiy obyektlar va xususiy biznes subyektlari binolarida 2 gigavattdan ortiq quyosh panellari o‘rnatildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ