O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etmoqda — Statistika agentligi
Yarim yilda Toshkent shahridagi ish haqi miqdori 18,8% ga o‘sgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 2025-yil yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,2% ga o‘sgan. Bu haqda Statistika agentligi xabar bermoqda.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqlari Toshkent shahrida 10,1 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,8% ga o‘sgan.
Ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida 4,7 mln so‘mni (o‘sish sur’ati 118,0%), Jizzax viloyatida 4,4 mln so‘mni (117,0%), Farg‘ona viloyatida 4,4 mln so‘mni (116,9%), Namangan viloyatida 4,3 mln so‘mni (116,6%) va Surxondaryo viloyatida 4,2 mln so‘m (116,1%) ni tashkil etgan.
O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi Andijon viloyatida 4,9 mln so‘m (111,0%), Navoiy viloyatida 7,4 mln so‘mni (113,4%), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4,7 mln so‘mni (114,2%), Qashqadaryo viloyatida 4,1 mln so‘m (114,3%), Buxoro viloyatida 4,7 mln so‘mni (114,8%), Toshkent viloyatida 5,6 mln so‘m (115,3%), Xorazm viloyatida 4,7 mln so‘mni (115,6%) hamda Samarqand viloyatida 4,4 mln so‘mga (115,8%) yetgan.
Ish haqilarining yuqori o‘sish sur’atlari san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida qayd etilganligi, xususan, bu sohada 2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 120,7% ni tashkil qilgani, ish haqi miqdori esa 5,03 mln so‘mga yetganligi kuzatildi.
Shuningdek, oylik ish haqining sohalar kesimida o‘sishi quyidagi jadvalda keltirilgan.
| Soha | O‘rtacha oylik ish haqi (ming so‘m) | O‘sish sur’ati (%) |
|---|---|---|
| Ta’lim | 4,1 mln | 18,3 |
| Axborot va aloqa | 14,7 mln | 17,0 |
| Tashish va saqlash | 9 mln | 16,0 |
| Sanoat | 7,1 mln | 15,4 |
| Yashash va ovqatlanish xizmati | 4,5 mln | 4,5 |
| Qurilish | 5,8 mln | 6,1 |
| Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar | 3,6 mln | 12,4 |
| Savdo | 6,7 mln | 12,8 |
| Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik | 16,2 mln | 13,9 |
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ