O‘zbekistonda iyun oyida elektromobillar savdosi 63% ga oshdi
Bir oyda elektr dvigatelli 8,4 mingta avtomobil sotilib, hududlar kesimida Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Iyun oyida O‘zbekistonda barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 80,2 ming donaga yetib, may oyiga nisbatan 18% ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, avtomobil bozoridagi faollik deyarli barcha asosiy yo‘nalishlarda ijobiy o‘sishni ko‘rsatgan. Faqat Jizzax viloyatida savdo hajmi 2,2% ga kamaygan.
Eng yuqori o‘sish Surxondaryo (33,7%) va Xorazm (32,6%) viloyatlarida qayd etilgan. Shuningdek, Sirdaryo (29%), Samarqand (28,3%), Qashqadaryo (26,2%) va Andijon (26%) viloyatlarida ham yuqori natijalar kuzatilgan.
Toshkent shahrida iyun oyida 17,9 mingta transport vositasi sotilgan bo‘lib, bu may oyiga nisbatan 9% ga ko‘p.
Yengil avtomobillar
Iyun oyida yengil avtomobillar bozori 14% ga o‘sib, savdo hajmi 61,4 ming donani tashkil etdi.
Birlamchi bozor
Birlamchi bozorda yangi yengil avtomobillar savdosi 11% ga oshib, 24 ming donaga yetdi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar ushbu segmentning asosiy qismini tashkil etib, ularning savdosi 12% ga o‘sdi va 18,8 ming donaga yetdi.
Yangi xorijiy avtomobillar savdosi esa qariyb 7% ga oshib, 5,1 ming donani tashkil etdi.
Joriy yilning dastlabki olti oyida birlamchi bozorda yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5% ga o‘sib, 157 ming donaga yetgan.
Ikkilamchi bozor
Ikkilamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi 16% ga oshib, bitimlar soni 37 ming donadan oshgan. Bu jami sotilgan yengil avtomobillarning qariyb 61% ini tashkil etadi.
Shu bilan birga, joriy yilning olti oyida ikkilamchi bozorda qariyb 240 mingta avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18% ga kam.
Elektromobillar
Eng yuqori o‘sish elektr dvigatelli avtomobillar segmentida kuzatildi.
Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda elektromobillar savdosi 63,5% ga oshib, 8,4 ming donani tashkil etdi.
Umuman olganda, joriy yilning olti oyida fuqarolar 40 mingdan ortiq elektromobil xarid qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40% ga ko‘p.
Hududlar kesimida faqat Sirdaryo viloyatida elektromobillar savdosi 2,9 foizga kamaygan. Jizzax viloyatida esa eng yuqori o‘sish qayd etilib, savdo hajmi 101% ga oshgan.
Shuningdek, Buxoro (64,6%) va Farg‘ona (58,5%) viloyatlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan.
Elektromobillarga bo‘lgan talabning asosiy qismi avvalgidek Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxt umumiy savdoning qariyb 63% ini tashkil etgan. Iyun oyida Toshkentda 5,3 mingta elektromobil sotilib, bu may oyiga nisbatan 78% ga ko‘p bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ